Ilm-fan sohasidagi aloqalar muhim bosqichda
2024-04-19 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Oʻzbekiston — Tojikiston rektorlar forumi doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarda Tojikiston oliy oʻquv yurtlari bilan kimyo texnologiyasi, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyasi, biotexnologiya, irrigatsiya va suv resurslari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, farmakologiya, farmatsevtika kabi sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish belgilab berilgan.
Akademik almashinuv doirasida oʻtgan davrda Tojikiston oliy oʻquv yurtlaridan 30 dan ortiq professor oʻqituvchi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida tajriba almashgan boʻlsa, yurtimizdan 100 dan ziyod professor-oʻqituvchi va tadqiqotchi Tojikistonning hamkor universitetlarida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
2020–2021-oʻquv yilida tojik tilidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul parametrlari ikki barobar oshirilgan boʻlsa, 2023–2024-oʻquv yilida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tojikistonlik 550 dan ortiq, Tojikiston oliy oʻquv yurtlarida esa oʻzbekistonlik 3 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Dushanbeda 2023-yil oʻtkazilgan rektorlar forumida qoʻshma taʼlim dasturini tashkil etish va Tojikiston fuqarolari uchun Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishga grantlar ajratildi, universitet xodimlari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etildi.
Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi arafasida Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi oʻtkazildi. “2030-yil: Oʻzbekiston va Tojikistonda oliy taʼlim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusidagi navbatdagi anjumanda ikki tomondan 100 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari qatnashdi.
Bu galgi forumdan koʻzlangan asosiy maqsad inson kapitalini, yuqori intellektual salohiyatni rivojlantirish, nazariy-amaliy shakllantirish, kasbiy mahoratni oshirish va ikki davlat hududidagi ulkan tabiiy resurslarni ilmiy institutsional boshqarishga qodir kadrlarni tayyorlashni ragʻbatlantirishdan iborat boʻldi.
Anjuman yalpi majlisi va uchta seksiya ishida oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, yangi taʼlim texnologiyalarini mintaqadagi OTMlarga keng joriy qilish boʻyicha tajriba almashildi. Shuningdek, ikki davlat talabalari oʻrtasida ilmiy olimpiadalar oʻtkazish, akademik almashinuvlar sonini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida ikki davlat universitetlari oʻrtasida 55 ta shartnoma, bitim va memorandum imzolandi. Bunda qoʻshma fakultet tashkil qilish, dasturlar asosida kadrlar tayyorlash, universitetlararo akademik almashinuv, ilmiy-pedagogik malaka oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar oʻtkazish, maqolalar chop etishga kelishib olindi. Yakunda Oʻzbekiston va Tojikiston universitetlari rektorlarining navbatdagi forumi 2025-yilda Tojikistonda oʻtkazilishi reja qilindi.
Anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston — Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi ikki davlat oliy taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 18-aprel kungi 74 (1135)-soni
Sarvarxon BUZRUKXONOV,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari