Asosiy kontentga o'tish

“Gʻalaba bogʻi”da “Mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar–2024” festivali o‘z ishini boshladi

2024-05-02 20:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivalining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qurolli Kuchlarga zarur boʻlgan zamonaviy texnologiyalar, metallurgiya, kimyo sanoati hamda tekstil sohasida ikki maqsadga moʻljallangan 20 ga yaqin ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, 50 ta tashkilot, 30 dan ortiq ishlab chiqaruvchi jismoniy shaxslar va ixtirochilar oʻzlarining mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Tantanali ochilish marosimida Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur festival bilan qutlab, yurtimiz mudofaasi uchun o‘z hissasini qo‘shayotgan tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda qayd etilganidek, dunyodagi innovatsion texnologiyalarning aksariyati avvalo harbiy maqsadlarda olib borilgan izlanishlarda yaratilgan. Aynan mamlakatimizni texnologik jihatdan mustaqilligini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni ushbu sohaga keng safarbar etish maqsadida 2-4-may kunlari “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar festivali o‘tkazilmoqda.

Festival doirasida robototexnika, kibersport, dronreysing, 3D modellashtirish, dronlarni loyhalashtirish va dasturlash boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda. Bunda texnika, aloqa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oʻquv-texnik vositalari, dasturiy taʼminot, aviatsiya, uchuvchisiz uchish tizimlari, robototexnika qurilmalari, trenajyor komplekslar, himoya vositalari, kimyo texnologiyalari va boshqa istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha ishlanmalar va mahsulot prototiplarini istiqbolda qoʻllash uchun raqobatbardosh loyihalari saralanadi.

392

Oxirgi yangilanish: 2024-05-02 21:18:28