Minsk shahrida I O‘zbekiston-Belarus professional ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi
2024-05-01 11:10:00 / Vazirlik yangiliklari
Minsk shahridagi Milliy kutubxona binosida o‘tkazilgan I O‘zbekiston-Belarus professional ta’lim forumini Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Andrey Ivanes, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nazarov ochib berdilar. Mazkur xalqaro tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov ham ishtirok etib, Belarus va O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi hamkorligi ikki mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ikki davlatning tegishli vazirliklari, oliy o‘quv yurtlari va kollejlarining mas’ul xodimlaridan 80 nafardan ortiq ishtirokchi ushbu keng ko‘lamli tadbirda ishtirok etdi. Xususan, respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari (kasb-hunar maktablari, texnikumlar) direktorlari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari qatnashdilar.
Mazkur forum Belarus va O‘zbekistonda professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatish, mutaxassislar o‘rtasida bilim almashish, professional ta’lim sohasidagi Belarusning eng yaxshi ishlanmalari bilan bevosita tanishish imkoniyatini beradi. Shuningdek, professional ta’lim tizimini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot platformasi yaratiladi.
Forumda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Ta’lim vazirligi o‘rtasida professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish to‘g‘risidagi 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» hamda ikki mamlakat oliy va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, akademik mobillikni rivojlantirish, bitiruvchilar va pedagoglar stajirovkalarini tashkil etish bo‘yicha 50 ga yaqin hujjatlar imzolandi.
Forum natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 14 ta innovatsion tumanlarida Belarus tajribasi asosida elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energetika, qurilish va kommunal xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat texnologiyalari, mashinasozlik va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassisliklari bo‘yicha yangi ta’lim dasturlarini joriy etishga kelishildi. Bunda Belarusning o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi asosida “Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori”ni takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Belarusda yaratilgan 30 nomdagi zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalarni O‘zbekiston professional ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etiladi. Belarusning yirik va yuqori texnologik korxonalarida O‘zbekistondagi professional ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar amaliyotini hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining stajirovkalarini tashkil qilinadi.
Shuningdek, Belarusning kompetensiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha tajribasi asosida O‘zbekistonning 14 ta hududida ilg‘or professional tayyorgarlik markazlarini tashkil etishda uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunda Belarusning yetakchi professional ta’lim muassasalarini ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladigan O‘zbekistonning 14 ta professional ta’lim muassasalariga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun biriktiriladi hamda ularning boshqaruv va pedagog kadrlarini jalb qilinadi.
Ilg‘or professional tayyorgarlik markazlari tashkil etishi rejalashtirilgan professional ta’lim muassasalarining 28 nafar boshqaruv va pedagog kadrlari 2+2 sxemasi bo‘yicha (O‘zbekistonda 2 hafta va Belarusda 2 hafta) malakasini oshirish bo‘yicha dastur ishga tushiriladi. Belarus oliy va professional ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi bo‘yicha tajribasini o‘rganib, mamlakatimizda qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarini Belarusning talabalar otryadlarida ishtirok etishini yo‘lga qo‘yib, ularning yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish esa bo‘lajak mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, talabalar o‘rtasida do‘stlik rishtalari shakllantirish imkonini yaratadi. Bunda talabalar otryadlarida ishtirok etganlarga kasbiy razryad olish imkoniyati beriladi.
Ikki mamlakat yetakchi olim va tadqiqotchilari o‘rtasida ilmiy-texnologik konsorsium tashkil etib, O‘zbekiston-Belarus qo‘shma ilmiy va maqsadli loyihalar tanlovini o‘tkazish hamda umumiy qiymati 20 milliard so‘m miqdoridagi jami 20 ta loyihalarni, shu jumladan professional ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish ham muhimdir. Shuningdek, muhandislik-texnika sohasi bo‘yicha 40 nafar professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarni Belarus ilmiy va oliy ta’lim muassasalarida tanlov orqali stajirovkalarini tashkil etiladi.
Bundan tashqari, oliy ma’lumotli va o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlashda fuqarolik va vatanparvarlik tarbiya jarayonlari bo‘yicha tajriba almashiladi.
Forum doirasida ishtirokchilar akademik M.S.Visotskiy nomli Minsk davlat avtomexanika kolleji, Volma ekotexnoparki va boshqa professional ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdilar
Fotojamlanma