O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ekologiya va yashil texnologiyalar sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
2024-04-17 08:35:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda A.Abduhakimov O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasidagi do’stona munosabatlar har tomonlama yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.
“Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim nafaqat munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi, balki oʻzaro hamkorlikni kengaytirish uchun ham yangi imkoniyat eshiklarini ochadi”, - dedi vazir.
A.Abduhakimov, shuningdek, O‘zbekiston ekologik toza “yashil” texnologiyalarni o‘rganish va joriy etish, bu sohaga Xitoydan investitsiyalarni jalb qilish, qattiq maishiy chiqindilar, elektron chiqindilar (e-waste) bilan ishlash, "waste-to-energy” tamoyili bo'yicha chiqindi gazidan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv doirasida ishtirokchilar Ekologiya vazirligi, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi hamda vazirlik huzuridagi Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Ma’lumot uchun: XXR tomonidan tadbirda integratsiyalashgan ekologik yechimlarni taqdim etuvchi "Sichuan Zhengsheng Environmental Technology Co., Ltd" kompaniyasi, "ZISEN" atrof-muhit va texnologiya kompaniyasi, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun mashina va uskunalar ishlab chiqaruvchi "Chengdu Kaiya Mei Environmental Protection Machinery Manufacturing" kompaniyasi, “Henan Lianfagaosheng Environmental Technology Co., Ltd.” atrof-muhit va texnologiya kompaniyasi, “Sichuan Zhonglong Environmental Protection Co., Ltd” Sichuan atrof-muhitni muhofaza qilish kompaniyasi, “Xitoy ko’priklari va mostlari” korporatsiyasi, aqlli shahar yoritgichi va binolarni landshaft yoritgichi uchun kompleks yechimga qaratilgan "Sichuan Etherbas Technology Development Co. , Ltd." kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘z navbatida xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish, jumladan, loyihalarni amalga oshirish va oqava suvlarni tozalash uskunalarini ishlab chiqarish, shovqinni kamaytirishni talab qiluvchi muhandislik inshootlarini ta’mirlash, temir yo‘l transporti, energetika, sanoat, neft-gaz va boshqa sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi.