Atmosferaga chang chiqarayotgan zavod faoliyatini to‘xtatish uchun hujjatlar sudga yuborildi
2024-04-04 15:55:00 / Yangiliklar
Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Mirzacho‘l tumanidagi "Mirzacho‘l Agroklaster group" MCHJga qarashli paxta tozalash zavodi holati o‘rganildi. O‘rganish davomida atmosfera havosiga me'yoridan ortiq chang chiqarilayotganligi aniqlandi.
Ma'lumot uchun, bunga qadar mazkur tadbirkorlik sub’yekti atmosfera havosini ifloslantirmaslik bo‘yicha uch marta — 2024-yil 26-yanvar, 30-yanvar va 29-mart kunlari ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, kamchilik bartaraf etilmagan.
Holat yuzasidan korxona rahbari N.S. ga nisbatan Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodekning 197prim 6-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumani sudiga yuborildi. Sudning tegishli qaroriga asosan korxona rahbariga BHMning uch barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, korxona faoliyatini to‘xtatish uchun hujjatlar Mirzacho‘l tuman sudiga yuborildi.