Toshkentda birinchi jamoatchilik yashil parki barpo etilmoqda
2025-03-19 15:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtni ko‘kalamzorlashtirish, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirda davlat idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari, ekologiya faollari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi. Aksiya davomida 300 tup daraxt ko‘chatlari ekildi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov jamoat parkida aholi dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilayotganligini ta’kidladi.
“Birinchidan, hududda hech qanday attraksion yoki oziq-ovqat shaxobchalari bo‘lmaydi, shovqindan xoli parkka aylantiriladi. Ikkinchidan, ilk bor 100 turdagi atirgul ekilmoqda va o‘ziga xos atirgul bog‘i barpo qilinmoqda. Uchinchidan, parkda tabiiy ko‘l yaratiladi. To‘rtinchidan, qushlar uchun inlar quriladi. Beshinchidan, jamoat parkining hamma yo‘laklari toshlardan, o‘rindiqlari esa qurigan daraxtlardan, ya’ni to‘liq tabiiy materiallardan qilinadi. Oltinchidan, hududda yil davomida ketma-ket gullaydigan o‘simliklar ekiladi va bu parkning doimiy ko‘rkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiladi. Yettinchidan, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin bo‘ladi. Sakkizinchidan, parkda birorta ham chiqindi qutilari o‘rnatilmaydi, faqat parkka kirishda va chiqishda qo‘yiladi. Ya’ni dam oluvchilar chiqindilarini o‘zlari bilan olib ketishadi, jamoat parkiga chiqindi tashlash qat’iy taqiqlanadi, bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini ta’minlaydi. To‘qqizinchidan, park to‘liq Yevropa, jumladan, Yaponiya tajribasi asosida barpo qilinmoqda. O‘ninchidan, parkda faqat mahalliy, o‘zimizning iqlimga mos daraxtlar ekilmoqda”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Ma’lumot uchun,birinchi yashil jamoat parki loyihasi "Yashil Bog’lar" loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri aholisi va mehmonlar uchun qulay ekologik muhit va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish hamda shaharning yashillik darajasini oshirish maqsad qilingan. Hudud maydoni 7,5 gektarga teng.
Xiyobonda 1200 tupdan ortiq daraxt va 23 000 tup buta, xususan, 208 tup shumtol, 160 tup zarang, 190 tup bandli eman, 137 tup yirik bargli jo‘ka, 46 tup lola daraxti, 177 tup qrim qarag‘ayi, 52 tup arizon kiparisi, 23 tup sadaqayrag‘och, 38 tup majnuntol, 6 tup Kanada bagrannigi, 6 tup magnoliya, 50 tup yapon saforasi, 6 tup zarafshon archasi, 100 tup uzun bargli (oddiy) archa, 50 tup oq qayin va 20 tup chinor ko‘chatlari ekish maqsad qilingan.
Shuningdek, 9 tup pissarda olxo‘risi, 189 tup Suriya atirguli, 2370 tup lavanda, 2120 tup fotiniya, 260 tup sharq tuyasi, 26 tup hind sireni, 400 tup forzitsiya, 600 tup magoniya, 200 tup shtamb atirguli va 17460 tup har xil turdagi atirgul ko‘chatlari ekiladi.
Daraxt va buta ko‘chatlarini parvarishlash uchun sun’iy suv havzasi hamda quyosh energiyasidan quvvatlanadigan yer osti qudug‘i tashkil etiladi.
Jamoat parkining ochilish marosimi bahor mavsumining keyingi oylariga mo‘ljallanmoqda.