Asosiy kontentga o'tish

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash: “yashil” iqtisodiyot sari qadam

2025-03-01 10:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur o‘tkazildi.

Press-tur "Profpack" korxonasi misolida qog‘oz va karton chiqindilarini qayta ishlash jarayoni bilan tanishish maqsadida tashkil etildi.

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili” deb e’lon qilinishi bu borada muhim qadam bo‘ldi. Davlat rahbari tashabbusi bilan chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, “nol chiqindi” tamoyiliga amal qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

 

Shuningdek, Ekologiya vazirligi va Chiqindilarni boshqarish agentligi tomonidan chiqindilarni saralash orqali ularni jadal qayta ishlashga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda maishiy chiqindilarning asosiy turlari, jumladan, polietilen, qog‘oz, shisha, to‘qimachilik, texnik moy chiqindilari, metallar, avtomobil shinalari va rezina mahsulotlari qayta ishlanmoqda. 

 

2024-yilda mamlakatimizda 14,8 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan bo‘lsa, shundan 900,5 ming tonnadan ortig‘i 292 ta ixtisoslashtirilgan korxonada qayta ishlanib, umumiy hajmning 6,1 foizini tashkil etadi.

 

Oʻzbekistonda har yili 600–700 ming tonna qogʻoz chiqindilari hosil boʻladi. Respublikada bu turdagi chiqindilarni qayta ishlovchi 104 korxonada yiliga 185,6 ming tonna qog‘oz va karton qayta ishlanmoqda. Bu chiqindilarni ikkilamchi xomashyo sifatida iqtisodiyotga qaytarish imkonini beradi.

 

Toshkentning Sergeli tumanidagi “Yangi Hayot” mahallasida joylashgan “Profpack” korxonasida har oy 2,5 ming tonnaga yaqin qog‘oz chiqindilari qayta ishlanadi. Zavod kuniga 100 tonnagacha chiqindilarni qayta ishlashga qodir. Qayta ishlash jarayoni saralash, maydalash, namlash, tozalash, siqish va quritishni o'z ichiga oladi, shundan so'ng tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

 

Chiqindilarni saralash atrof-muhitni muhofaza qilish yo'lidagi muhim qadamdir. Chiqindilarni qayta ishlash va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini amalga oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilaylik, chunki sayyora kelajagi uchun har birimiz mas'ulmiz.

565

Oxirgi yangilanish: 2025-03-01 12:16:22

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash: “yashil” iqtisodiyot sari qadam