Chiqindi poligonlarining ekologik holati yaxshilanmoqda
2025-02-19 15:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda esa chiqindilarni boshqarish sohasiga davlati rahbari tomonidan yuqori darajada ahamiyat qaratilib, ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi salomatligining barqarorligini ta’minlash, kelgusida chiqindixonalarga nisbatan munosabatni butunlay o‘zgartirish va ularni tartibga keltirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimida chiqindilarni boshqarish sohasida alohida davlat idorasi — Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning huzuridagi “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasining chiqindi poligonlari boshqaruvini tizimlashtirish, modernizatsiya qilish hamda optimallashtirish asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 171-son Qaroriga muvofiq chiqindi poligonlari DXSh asosida tashkil qilingan tadbirkorlik subyektlari va xususiy egalaridan Direksiya boshqaruviga olingan.
Chiqindilarning havoga ko‘tarilishi va yoqimsiz hid tarqalishi, yong‘inlar chiqishining oldini olish, chiqindixonalarni zamonaviy-sanitar poligonlarga aylantirish va ularning salbiy ta’siriga chek qo‘yish maqsadida chiqindi poligonlarini tizimli boshqarish yo‘lga qo‘yilib, rekultivatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5-son Farmon bilan tasdiqlangan manzilli dastur asosida 2024-yilda 81,02 gektar hududni egallagan jami 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi. Belgilangan hududdan tashqaridagi chiqindilar yig‘ilib, 10 mln tonnadan ortiq chiqindi sanitariya me’yorlari va zamonaviy talablar asosida belgilangan hududda toʻplanib, maxsus texnikalar yordamida 50 sm tuproq qatlami bilan yopildi. Natijada insonlar salomatligi va atrof-muhit, ekologiyaga salbiy ta’sirga chek qo‘yilishiga erishildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida Tashkent, Namangan, Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridagi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini surish, zichlash hamda tekislash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, maxsus texnikalar bazasini mustahkamlash maqsadida “Toza hudud” DUK hamda DXShlardan 245 ta maxsus texnikalar qabul qilinib, ulardan 75 tasi joriy va mukammal ta’mirdan o‘tkazildi. 157 ta maxsus texnikalar GPS orqali nazorat qilinmoqda. 25 turdagi maxsus texnikalar uchun yoqilg‘i me’yori ishlab chiqilib, hisobotlar yuritilishi yo‘lga qo‘yildi. 78 ta maxsus texnika (47 ta samosval, 15 ta buldozer, 16 ta avtoyuklagichlar) xarid qilinib, Direksiyaning hududiy boshqarmalariga taqsimlab berildi.
Qolaversa, zamonaviy-sanitar poligonlarni tashkil etishda inson omili ishtirokini minimal darajaga tushirish, onlayn nazoratni yo‘lga qo‘yish, chiqindilar hisobini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish uchun manzilli dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, hozirda 37 ta chiqindi poligoni avtotarozi va kuzatuv kamerasi bilan jihozlanmoqda.
Shu bilan birga, chiqindi poligonlari infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, ishchi-xizmat ko‘rsatuvchilarga sifatli mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Operatorlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga ahamiyat qaratilib, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta’minlovchi tizim yaratildi. Respublikadagi chiqindi poligonlarida shakllangan metan gazlari miqdorini baholash, qayta ishlab bioenergiya olish, infratuzilmani yaxshilab, tartibga keltirish, rekultivatsiya qilish bo‘yicha Jahon Banki, YeTTB, Finlyandiya, Hindiston, Oman, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreyaning K-Eco nomli atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiloti, Yaponiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, XXR investorlari bilan hamkorlik munosabatlari o‘rnatilib, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi 4291-son Qarori asosida tasdiqlangan “2019 – 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi”da 197 ta chiqindi poligonidan 151 tasining faoliyatini to‘xtatish (optimallashtirish) ko‘zda tutilgan.
Sohada kelgusi besh yillikda 970 gektar yer maydonini rekultivasiya qilish, yiliga 58,5 mln tonna gaz sizib chiqishi hamda yong‘in xavfining oldini olish, sizot suvlarining atmosfera havosiga salbiy ta’sirini o‘rtacha 78 foizga kamaytirish, 116 ta tuman va shaharlarda sanitar tozalash xizmatlari sifatini 50 foizgacha yaxshilashga erishish reja qilingan. Bundan tashqari, joriy yilda manzilli dastur asosida 74,53 gektar yer maydonini egallagan 9 ta maishiy chiqindi poligonini rekultivatsiya qilib, sanitariya talablari asosida tuproq qatlami bilan yopish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, bu kabi chora-tadbirlar natijasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 112 ta chiqindi poligoni atrofiga 197 mingta daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil qilinadi. Bu esa yer genofondi yaxshilanib, yashil hududlar yaratilishiga xizmat qiladi.