O‘zbekistonda o‘tgan yili qancha shisha chiqindi qayta ishlangan?
2025-02-10 16:00:00 / Yangiliklar
Shuningdek, bu chiqindilar salbiy ta'sirni kamaytirish maqsadida dunyoning ko'plab mamlakatlarida qayta ishlanmoqda. Bu esa o‘z navbatida chiqindilarni va ularning atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindi hosil bo’ladi. Bu chiqindilar qattiq maishiy chiqindilarning (10,2 mln tonna) morfologik tarkibidan 4 foizini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda respublikamizda 14 ta korxona tomonidan 37,3 ming tonna shisha chiqindi qayta ishlangan (ushbu turdagi chiqindilarning 9 foizi).
Shisha chiqindilarga eski stakanlar, shisha idishlar, oynalar va boshqa shisha mahsulotlari kiradi. Shisha tabiatan qayta ishlanishi oson materiallardan biri hisoblanadi, chunki u juda uzoq vaqt davomida degradatsiyaga (chirib yo'q bo'lish holati) uchramaydi. Shisha chiqindilar yig'ilganda atrof-muhitga zarar yetkazishi bilan bir qatorda, 1000 yildan ortiq vaqt davomida yerda parchalanmasdan qoladi.
Shisha chiqindilarni qayta ishlash jarayoni quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi:
Ajratish: shisha chiqindilar boshqa chiqindilardan ajratiladi.
Yuvish: shisha mahsulotlari yuvilib, tozalanganidan keyin qayta ishlashga tayyorlanadi.
Boshqa materiallar bilan aralashtirish: shishani qayta ishlash uchun boshqa xomashyo (masalan, yangi qum) bilan aralashtiriladi.
Qayta eritish: shisha eritilib, yangi shakllar (yangi shisha idishlar yoki qurilish materiallari) yaratiladi.