Qashqadaryoda 2 bosh noyob qush noqonuniy saqlab kelinayotganligi ma'lum bo‘ldi
2024-12-25 18:00:00 / Yangiliklar
Reyd davomida Kasbi tumanida yashovchi fuqaro X.N. tomonidan yashash xonadonida 2 bosh itolg‘i qushi hech qanday ruxsatnomasiz saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, itolg‘i yo‘qolib borayotgan tur sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati hamda CITES Konvensiyasining II ilovasiga kiritilgan. Global populyatsiyasi 2010-yilda 5,4–15,4 ming juft ekanligi qayd etilgan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan dalolatnoma tuzilib, qushlar reabilitatsiya qilish va vaqtinchalik qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar saqlab turish maqsadida Samarqand viloyatidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga topshirildi.
Noqonuniy harakat natijasida, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi “Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga ko‘ra, hayvonot dunyosiga 1 milliard 687 million 500 ming so‘m zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining "Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan itolg‘i qushlariga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1500 baravari miqdorida zarar belgilanadi. Vazirlar Mahkamasining “Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga ko‘ra esa itolg‘i qushi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va CITES Konvensiyasi ilovasiga kiritilganligi uchun zarar miqdori bir yarim barobarga ko‘paytiriladi.
Ayni damda ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.