Oʻzbekiston oʻrmonlarida karbonat angidrid miqdorini aniqlash va monitoring qilish masalalari muhokama qilindi
2024-12-23 10:00:00 / Yangiliklar
Seminarda oʻrmon xoʻjaliklari mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, loyihadan manfaatdor tomonlar ishtirok etib, erishilgan natijalar boʻyicha qizgʻin muhokamalar olib borishdi.
“Loyiha 2018-yilda boshlangan bo‘lib, bugungi kungacha 157 ming gektar maydon qamrab olingan. Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 4 ta o‘rmon xo‘jaligi negizida o’rmonlarni barqaror boshqarish tizimlari, yaylovlarni boshqarish, xotin qizlar bilan ishlash, gender masalalari, yoshlarni jalb qilish, yangi ish o’rinlari yaratish masalalariga e’tibor qaratganmiz, — dedi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Loyiha doirasida o’rmonlarni rivojlantirishning 2030-yilgacha bo’lgan konsepsiyasi va yerlarni uzoq muddatga 50 yilgacha ijaraga berish masalalariga qaratilgan ikkita muhim hujjat qabul qilingan. Hozirga qadar jami 10 000 ga yaqin yangi ish o’rinlari yaratildi, 7 mingdan ziyod xonadonlar tomonidan o‘rmondagi yerlar o‘zlashtirilib, yangi o’rmonlar, pistazorlar yangi dorivor o’simliklar plantatsiyalari barpo qilindi. Bundan tashqari, 420 nafardan ziyod ayollar ish bilan ta’minlandi”.
Ta’kidlash joizki, loyiha doirasida bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar orqali karbonat angidrid va havodagi chiqindi gazlar zaxirasini yigʻish masalasiga e’tibor qaratilmoqda. O’rmon xo’jaliklarida qancha karbonat angidrid o’zlashtirilishi, buni kim monitoring qilishi, qanday usullar bilan olib borilishi, jahon miqyosida bu borada qanday tajribalar borligi kabi masalalar o‘rganilmoqda.
“O’rmonlarni monitoring qilishda eng ilg’or texnologiyalar, xorijdagi dasturiy ta’minotlardan foydalanilmoqda, — dedi Ekologiya vazirligi huzuridagi "Yashil loyiha" loyihalash instituti direktor o‘rinbosari Farhod Dehqonov. — Xususan, xatlov ishlarida rivojlangan mamlakatlar poytaxtlarida keng qo‘llanilayotgan Chexiyaning “Field Map” dasturiy ta’minotidan foydalanmoqdamiz. Buning uchun FAO tashkiloti homiyligida kerakli texnikalar xarid qilingan va "Yashil loyiha" loyihalash institutida laboratoriya tashkil etilgan. Qolaversa, dala ishlarini amalga oshirish uchun texnologiyalar mavjud va institut xodimlari barcha imkoniyatlardan foydalangan holda o’rmonlarda xatlov ishlarini amalga oshirishmoqda”.
Seminar davomida ishtirokchilar Oʻzbekiston uchun uglerod ajralib chiqishini monitoring qilish va uning miqdorini aniqlash, Oʻzbekistondagi togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish rejalari bilan tanishishdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston iqlimining moliyalashtirish tashabbuslari hamda Turkiya oʻrmonlarida karbonat angidridni oʻzlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
“Loyihaga xorijlik mutaxassislar ham jalb qilingan. Xususan, “NAMA” (taʼsirni kamaytirish boʻyicha milliy chora-tadbirlar) bo‘yicha xalqaro mutaxassis Eduard Antoun tomonidan Oʻzbekiston oʻrmonlarida karbonat angidrid miqdorini aniqlash va uni monitoring qilish bo‘yicha dasturiy qo‘llanma ishlab chiqildi. Bu karbonat angidridni monitoring qilishni yanada qulaylashtiradi, — dedi FAO milliy maslahatchisi Sanjarbek Muratov. — Loyiha doirasida Namangan viloyatidagi Pop, Qashqadaryo viloyatudagi Dehqonobod va Kitob hamda Sirdaryo davlat o’rmon xo’jaliklarida tabiiy o’rmon hududlari bo’yicha statistik ma’lumotlar va ularni xaritalash ishlari amalga oshirildi. Bu ma’lumotlar asosida 4 ta o’rmon xo’jaligi hududida o‘rmonlarni barqaror boshqarish rejalari ishlab chiqildi. Mazkur reja 10 yillik dasturni o’z ichiga oladi. Dasturga hududda amalga oshiriladigan ishlar va qaysi hududda qanday ishlar amalga oshirilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berilgan”.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Ushbu seminar FAO/GEF loyihasining Oʻzbekistondagi togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish va oʻrmonlarda karbonat angidrid miqdorini monitoring qilishni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Asosiy maqsad oʻrmon uglerod zaxiralaridagi oʻzgarishlarni baholash va kuzatish uchun keng qamrovli va ishonchli tizimni yaratishdan iborat. Ushbu tizim mamlakatning oʻrmonlarni barqaror boshqarish va global ekologik standartlarga rioya qilish boʻyicha kengroq maqsadlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan.