Asosiy kontentga o'tish

Orol dengizining qurigan tubida yangi o‘simlik turlari sinovdan o‘tkazilmoqda

2024-12-17 16:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Zinoviy Novitskiy boshchiligida Orol dengizining qurigan tubida sho'rlangan tuproqlarda yetishtirish uchun mos keladigan o‘simlik turlarini aniqlash bo‘yicha sinovlar o‘tkazishmoqda.

Bunda o‘simliklarning nafaqat ekstremal sharoitlarga moslashish qobiliyatiga, balki ekotizimning biologik funksiyalarini tiklash imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O'simlik qoplamini tiklash tuproqni barqarorlashtirishga, chang bo'ronlari darajasini pasaytirishga va mintaqadagi mikroiqlim sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi.

Sinov ishlari natijalariga ko‘ra sho‘rlangan yerlarda o‘sishga eng moslashgan o‘simliklar aniqlanadi va ishlab chiqarishga tavsiya etiladi. Olingan ma'lumotlar cho'llanishga qarshi kurashish va Orol hududi ekotizimini tiklash bo'yicha strategiyalarni ishlab chiqishga yordam beradi, bu esa, o'z navbatida, mahalliy aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

290

Oxirgi yangilanish: 2024-12-17 16:24:48