Asosiy kontentga o'tish

“Yashil makon” loyihasi Bosh rejasi takomillashtirilmoqda

2024-11-22 12:30:00 / Yangiliklar

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun Bosh rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Yashil loyiha” instituti direktori Olim Hakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman, O‘rmon xo‘jaligi va yog‘och xo‘jaligi bo‘limi dastur menejeri Roman Michalak, Ekologiya vazirligi va tizim tashkilotlari, BMTTD, BMT YeIK, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi (BMT QOK) vakillari, shaharsozlik, barqaror moliya va atrof-muhit siyosatiga ixtisoslashgan mahalliy va xorijlik olim hamda tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi hamda BMTTD, BMT YeIK, va BMT QOK hamkorligida “Yashil makon” tashabbusini muvaffaqiyatli amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qo‘shma loyiha tuzilgan. Ushbu loyiha keng qamrovli bosh rejalashtirishni innovatsion moliyaviy yechimlar bilan integratsiyalashga, Surxondaryo aholisi uchun daromad keltiruvchi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan boʻlib, nafaqat barqaror, balki Oʻzbekistonning turli landshaftlari boʻylab kengaytirilishi mumkin.

“Bosh reja “Yashil makon” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda ilgʻor xalqaro tajriba, mamlakat ehtiyojlari, mahalliy talablar hamda ilmiy tadqiqotlarni uygʻunlashtirishga qaratilgan. Jarayon samarali bo‘lishi uchun "Yashil makon" platformasini modernizatsiya qilish, taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim ma'lumotlarni almashish, mas'uliyat va javobgarlik hissini oshirish lozim”, — dedi Anas Fayyad.

Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi O‘lmas Sobirov esa Bosh rejaning maqsadi va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. U Bosh reja xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan tayyorlangan boblardan iboratligi, ushbu boblar o'rmonlarni kengaytirish, daraxt ekish, parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va boshqa jarayonlar bo'yicha muhim texnik ko'rsatmalar va standartlarni o'z ichiga olganini ta’kidladi. 

“Maqsadimiz Bosh rejada milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan asosiy boblarni taqdim etish va muhokama qilish, — dedi O‘lmas Sobirov. — Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan texnik ko'rsatmalarga e'tibor qaratilib, ularning O'zbekistonning o'ziga xos ehtiyojlari va talablariga javob berishiga ishonch hosil qilinadi. Bosh rejani manfaatdor tomonlarning fikr-mulohazalarini qamrab olgan holda tuzish, uni yakunlash, tasdiqlash va amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Surxondaryodagi ayni damdagi faoliyatni, xususan, mehnatga muhtoj afg'on va o'zbek fuqarolarini moddiy manfaat evaziga ishga jalb qilgan holda ko'chatzorlar barpo etish masalalari ham muhim hisoblanadi”. 

Shuningdek, Ekologiya vazirligi tomonidan “Yashil makon” platformasini takomillashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, daraxtlar ekilishi va parvarish qilinishi to‘liq nazoratda ekanligi, ekilgan daraxtlar xatlovga olinayotganligi, yangi modullar yaratilayotganligi, platforma boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinayotganligi, ekilgan daraxtlarning xaritasi yaratilganligi qayd etildi.
 

Ma'lumot uchun, ekilgan daraxtlarni xatlovga olish inspektorlarning planshetlarida har mavsumda ekilgan daraxtlar haqidagi ma'lumotlarni ko'rish, ko'chatlarni parvarish qilmagan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga imkon yaratadi. Yangi modullarni yaratish jarayoni esa 100 yoshdan oshgan daraxtlar modulini ochiq platformaga chiqarish,  yashil bog‘lar va yashil jamoat parklari modulini tizimga kiritish, qonuniy va noqonuniy kesilgan daraxtlar o‘rniga boshqa ko‘chatlarni kompensatsiyaviy ekish modulini yaratishni o'z ichiga oladi. Integratsiyalash esa ko'chatlarni jismoniy shaxslar yoki tadbirkorlik subyektlariga biriktirish, Toshkent shahridagi daraxtlar hisobini yuritish, ko‘chatlarni mahallabay ko‘rish imkonini yaratadi.

Mazkur seminar milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan boblar bo'yicha yakuniy kelishuvga erishish, ko‘kalamzorlashtirish, ekish, zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha texnik ko‘rsatmalar, daraxt va butalarni parvarish qilish standartlari bo‘yicha batafsil fikr-mulohazalarni birlashtirish, Bosh rejani yakunlash uchun keyingi bosqichlarni aniqlash, “yashilmakon.eco” raqamli platformasini va uglerod kreditlarini jalb qilishni davom ettirish hamda ishga tushirish uchun asos yaratishga xizmat qiladi.

514

Oxirgi yangilanish: 2024-11-22 14:13:13