O‘quvchilarga chiqindilarni saralash va qayta ishlashning ahamiyati katta ekanligi tushuntirildi
2024-10-14 17:00:00 / Yangiliklar
Yunusobod tumanida joylashgan 240-sonli umumtaʼlim maktabida tashkil qilingan "Ekologik soat"da Markaz mutaxassislari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlamaslik, ularni saralash va qayta ishlash kerakligi, bu esa o‘z o‘rnida mamlakatimizda sirkulyar iqtisodiyot rivoji uchun muhimligi aytib o‘tildi.
Dars davomida o‘quvchilarga chiqindilar uzoq muddatda chirishi, masalan, shisha butilka — 1 mln yil, plastik ichimliklar idishlari — 450 yil, bir martalik tagliklar — 500-800 yil, alyuminiy konserva — 80-200 yil, batareyalar — 100 yil, kauchukli etik — 50-80 yil, plastik stakanlar — 50 yil, charm poyabzal — 25-40 yil, yog‘och — 10-15 yil, tamaki qoldiqlari — 10-12 yil, junli kiyimlar — 1-5 yil, sut qutilari — 5 yil muddatda chirishi, ya'ni agar belgilanmagan joyga tashlansa, atrof-muhitga uzoq muddat zarar yetkazishi aytib o‘tildi. Shuning uchun chiqindilarni, albatta, belgilangan joylarga tashlash kerakligi ta'kidlandi.
Darslarning ekologik taʼlim yo‘nalishidagi turli ko‘rgazmali materiallar va video qo‘llanmalar o‘quvchilarga qiziqish uyg‘otdi.
"Ekologik soat" targ‘ibot darslari davom etmoqda. Bu davlat taʼlim muassasalarida ekologik taʼlim va tarbiyani kuchaytirish, o‘quvchilarda ekologik bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.