Chiqindilar iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantiriladi
2024-10-04 12:50:00 / Yangiliklar
Farmonda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
— 2026-yil 1-yanvardan chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan o‘tkaziladigan tenderlar onlayn kuzatiladi;
— sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi to‘plash shoxobchalariga videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyati yaratiladi;
— chiqindi tashuvchi barcha texnika vositalariga onlayn kuzatuv (GPS) tizimi o‘rnatiladi;
— sanitar tozalash korxonalari to‘g‘risida to‘liq ma'lumot berish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko‘lami bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun "Call markaz" faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
— sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindi yig‘ish maydonchalari joylashuvi to‘g‘risida aniq ma'lumotlar beriladi;
— abonentlarning hosil bo‘lgan chiqindilarni olib chiqish grafigi ko‘rsatiladi.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra:
— chiqindilarni xo‘jalik aylanmasiga jalb qilishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot va texnologik ishlanmalar ishlab chiqiladi;
— chiqindilar ekologik sertifikatlashtiriladi;
— chiqindilar bilan ishlash sohasidagi mutaxassislar malakasi oshiriladi;
— chiqindilar bilan bog‘liq ishlar amalga oshiriladigan obyektlar hamda chiqindilardan tayyorlanadigan tovarlarga nisbatan sanitariya-gigiyena talablari belgilanadi;
— radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni xavfsiz amalga oshirish, hisobga olish, saqlash, tashish, qayta ishlash va ko‘mib tashlashga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga asosan nazorat olib boriladi;
— qattiq maishiy va qurilish chiqindilari bilan bo‘gliq ishlar yuzasidan jamoatchilik nazorati tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, Farmonga asosan chiqindilar bilan ishlash masalalarida aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.
Agentlik quyidagi vazifalarni bajaradi:
— qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritish yagona elektron tizimining uzluksiz faoliyatini ta'minlaydi;
— chiqindilarni boshqarish sohasini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy usullarini tadbiq etadi va "nol chiqindi" tamoyilini joriy etadi;
— chiqindilarni saralash, qayta ishlash natijasida energiya resurslari, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va tadbiq etadi;
— chiqindilarni to‘plash, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va ularni yo‘q qilish bo‘yicha chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalarini tashkil etadi;
— chiqindilarni boshqarish sohasida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit va grantlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qiladi;
— chiqindi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi;
— qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha sanitar tozalash korxonalari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qiladi, muammo va kamchiliklarni bartaraf etadi, samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholab boradi.
Shu bilan birga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sanitar tozalash korxonalari faoliyati har oy yakunida baholab boriladi. "Yashil" toifaga kirgan korxonalar rag‘batlantiriladi, "sariq" va "qizil" toifadagi korxonalarga metodologik va malakaviy ko‘mak ko‘rsatiladi. Ketma-ket olti oy davomida "sariq" toifaga kirgan korxonalarga jarima qo‘llaniladi. Xuddi shu muddatda "qizil" toifaga kirgan korxonalar bilan esa shartnoma bekor qilinishi mumkin.
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasiga muvofiq fuqarolarning qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini amalga oshirish uchun maqbul sharoit va mexanizmlar yaratish hamda respublikada chiqindilarni boshqarish tizimini isloh qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohadagi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish tizimini tashkil etishga xizmat qiladi.