Xitoy bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning barcha yoʼnalishlarida hamkorlik kuchaytiriladi
2024-09-26 10:45:00 / Yangiliklar
Mazkur qaror Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi (2024-yil 23–25-yanvar) doirasida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ning 2-bandiga asosan ishlab chiqildi.
Ta'kidlash joizki, Shavkat Mirziyoevning 2024-yil 23–25-yanvar kunlari XXRga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida 2024-yil 24-yanvarda XXR bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʼgʼrisida Bitim imzolangan.
Mazkur bitim 11 ta moddadan iborat boʼlib, asosiy maqsad Oʼzbekiston va Xitoy oʼrtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning barcha yoʼnalishlarida hamkorlikni oʼrnatish va kengaytirishdir. Bitim boʼyicha hamkorlikning quyidagi asosiy yoʼnalishlari ham belgilanmoqda:
1). Havo ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish, havo muhiti monitoringi.
Ma'lumot uchun, Oʼzbekistonda 2021-yilda atmosferaga tashlanmalar miqdori 2,2 mln tonnani tashkil qilgan (tashlanmalarning 1,3 mln tonnasi (58 foiz) transport vositalari va 909,0 ming tonnasi (42 foiz) sanoat korxonalari hissasiga toʼgʼri kelgan). Shu munosabat bilan sanoat korxonalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, havo sifati monitoringi tizimini modernizatsiya qilish boʼyicha XXR atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tajribasi hamda Shanxay va Pekin shaharlari misolida oʼrganish dolzarb masala hisoblanadi.
2). Suv ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish.
3). Qattiq maishiy chiqindilar bilan ifloslanishning oldini olish va nazorat qilish.
Hozirgi vaqtda Xitoyning “China CAMC Engineering kompaniyasi bilan chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik olib borilmoqda).
4). Ekotizimlarni saqlash va qayta tiklash.
5). Ilmiy tadqiqot, taʼlim, mutaxassislar tayyorlash va atrof-muhitni himoya qilish targʼiboti.
Ma'lumot uchun, 2024-yil 22-yanvar kuni Pekin shahrida boʼlib oʼtgan “Birinchi Oʼzbekiston-Xitoy taʼlim forumi”da Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʼzgarishini oʼrganish universiteti ("Green University") hamda Pekin texnologiya instituti, Tyanszin xorijiy tillar universiteti va Pekin shahar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan. Mazkur bitim ikki davlat oʼrtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida maʼlumot va tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish uchun zamin yaratadi.