Ozarbayjon delegatsiyasi media sohasida Oʻzbekiston tajribasiga katta qiziqish bildirishdi
2024-09-24 13:55:00 / Yangiliklar
Mehmonlar Ekologiya vazirligi Axborot xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishib, oʻzaro fikr va tajriba almashishdi. Shu bilan birga, ular uchun axborot xizmati hamda mediamarkaz faoliyatiga doir taqdimot oʻtkazildi. Unda axborot xizmatida kontent yaratish, OAV bilan aloqalarni rivojlantirish, press-turlar tashkil qilish, matbuot anjumanlari va brifinglar tashkil etish, inqirozli vaziyatlardan chiqishga oid qiziqarli maʼlumotlar berildi. Xususan, xorijiy va Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Ozarbayjonlik hamkasblar ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston tajribasiga katta qiziqish bildirishdi.
Qayd etish joizki, mehmonlar 24-sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilayotgan “Raqamli asrda haqiqatni izlashda dezinformatsiyaga qarshi kurash” I Oʻzbekiston-Ozarbayjon media-forumi doirasida Oʻzbekistonga kelishgan.
Maʼlumot uchun: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangan.