Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida ma'lumot berildi
2024-09-18 17:10:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, Vazirlik huzuridagi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov, O’rmon xo’jaligi agentligi direktor o’rinbosari G’olib Qurbonov, Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtayev, vazirlik boshqarma va boʻlim xodimlari, tizim tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jusipbek Kazbekov vazirlik tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Xususan, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida qilingan ishlar, atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, ekologik nazorat, kadastr, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ekologik ta'lim, o‘rmon xo‘jaligi, gidrometeorologiya yo‘nalishlaridagi islohotlar alohida ta'kidlandi.
“Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahorgi mavsumda respublika boʻyicha 138 mln tup koʻchat ekildi. Hududlarda vazirlik, idora va mahalliy hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bogʻlar” barpo etilib, ularning umumiy soni 517 taga yetkazildi, — dedi Jusipbek Kazbekov. — “Ochiq budjet” tizimi orqali “Mening bogʻim” loyihasi ishga tushirildi. Fuqarolar tomonidan tashabbus bildirilgan 738 ta loyiha orasidan 215 ta loyiha gʻolib deb topilib, jami 48,7 mlrd soʻm moliyalashtirish uchun yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, boshqa sohalarda ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda".
Oʻktam Oʻtayev esa 2023-yil va 2024-yilning oʻtgan davrida prokuratura va ekologiya organlari tomonidan hamkorlikda keng qamrovli ishlar amalga oshirilganligini, shu bilan birga, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p ekanligini qayd etdi.
"Davlat rahbarining brakonyerlik holatlarini aniqlash va sohada qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlash topshirigʻi ijrosi ham talab darajasida tashkil etilmagan. Respublika boʻyicha jami 239 ta brakonyerlik holatlari aniqlangan boʻlsa, qisqarib borayotgan va muhofaza etilishi talab etilgan noyob hayvonot turlari koʻp tarqalgan Qoraqalpogʻiston, Xorazm va Buxoro viloyatlarida bironta holat aniqlanmagan. Bu kabi boshqa kamchiliklar, albatta, bartaraf etiladi", — dedi O‘ktam O‘tayev.
Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov esa chiqindilarni boshqarish sohasidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, sohadagi dolzarb masalalar o‘z yechimini topayotganini qayd etdi.
“Shu paytga qadar eng ogʻriqli holatlardan biri — tibbiyot chiqindilarining maishiy chiqindilar bilan birga poligonga tashlanishi oqibatida atmosfera havosiga 400 ming tonna issiqxona gazi chiqarilar, 43 ming tonna sizot suvi tabiatga tashlanardi. Bu esa aholi orasida turli kasalliklarga sabab boʻlayotgan edi, — dedi Sharifbek Hasanov. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-iyuldagi 263-sonli qarori qabul qilinib, unga koʻra tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish borasida AQSHning “Sayar” kompaniyasi oʻrtasida 115 mln AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan 1,5 mlrd soʻmga yaqin budjet mablagʻlari tejalib, hosil boʻlayotgan zararli gazlar, aholi oʻrtasida turli kasalliklar soni keskin qisqaradi".
Tadbirda, shuningdek, Global yashil o‘sish institutining (GGGI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Doktor Aaron Rassel Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar va kelajakdagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Matbuot anjumani davomida, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Yakunda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.