“Omonqo’ton”da tabiatga jami 1 milliard so’mdan ortiq zarar yetkazilganligi ma’lum bo’ldi
2024-09-13 16:05:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi tezkor ishchi guruhi tomonidan holat o’rganildi. Natijada qonunbuzarlar tomonidan bog’ hududida texnikalar yordamida tekislash, kovlash ishlari olib borilganligi va “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻiga tegishli boʻlgan 869 m2-maydonda "Taxti Qoracha” dovoni bilan bogʻlovchi yoʻl hosil qilinganligi ma’lum bo’ldi. Buning oqibatida yoʻlda mavjud boʻlgan 7 turdagi jami 64 tup daraxt va butalarga zarar yetkazilgan, shundan 27 tup daraxt va butalar tag qismidan kesilgan yoki qoʻporib olingan, qolgan 37 tup daraxt va butalar esa oʻsishdan toʻxtamaydigan darajada shikastlangan. Oʻsimlik dunyosiga 67 mln 726 ming soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.
Bundan tashqari, hududda olib borilgan yoʻl solish ishlari natijasida jami 2296 m2 yer maydonida mavjud Qizil kitobga kiritilgan, kamyob, kamayib borayotgan va noyob tur hisoblangan 12 turdagi 2 ming 591 tup oʻsimliklar payxon qilinib, tabiatga 1 mlrd 48 mln soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Umumiy hisobda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 115 mln soʻmni tashkil etmoqda.
Ish yuzasidan to’plangan hujjatlar tegishli chora ko’rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborilgan.