Samarqandda huquqbuzarlar qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olayotganda to‘xtatildi
2024-09-12 12:50:00 / Yangiliklar
Ushbu murojaat Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlari Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari hamda ushbu mahalla fuqarolari ishtirokida o‘rganildi. O‘rganish davomida Kattaqo‘rg‘on tumani Bog‘ot mahallasida yashovchi fuqaro shu tumanning Nayman mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, yuk mashinalariga ortib berayotganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 70-moddasi prim 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari — 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Shuningdek, Narpay tumanida o‘tkazilgan yana bir reyd davomida tumanning Mustaqillik MFYda yashovchi fuqaro S.R. o‘z boshqaruvidagi ekskavator bilan shu mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olib, yuk tashuvchi mashinalarga yuklab berayotganligi ma'lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan S.R.ga nisbatan MJtKning 70-moddasi prim1-qismiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 20 barobari — 6 million 800 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga 1 million 1 172 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi. Huquqbuzar jami 7 million 972 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.