Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” tashabbusini amalga oshirishning Bosh rejasi ishlab chiqiladi
2024-09-11 17:40:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Markaziy Osiyodagi vakili o‘rinbosari Dmitru Lipkanu, BMT YeIK o‘rmon xo‘jaligi, yer resurslari va uy-joy bo‘limi boshlig‘i Liliana Annovazzi-Jakab, Ekologiya vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov seminarning ochilishidagi nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishning Bosh rejasini ishlab chiqish strategik ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Yashil makon” loyihasi doirasidagi saʼy-harakatlarimizni samarali va muvaffaqiyatli amalga oshirishda bilim va koʻnikmalarimizni oshirishimiz lozim, shu bilan birga xalqaro hamkorlarning koʻmagi va tajribasi alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan “Yashil makon” loyihasini muvaffaqiyatli bajarish uchun yaxlit va aniq maqsadli Bosh reja ishlab chiqish nihoyatda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi, — dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. — Bosh reja nafaqat loyiha faoliyatini aniq yoʻnaltirib, uning barcha ishtirokchilariga vazifalarni belgilab beradi, balki xorijiy tajribaga asosan yangi moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish hamda umumiy maqsadlarimizga erishishda strategik yoʻl xaritasi sifatida xizmat qiladi".
Uchrashuv davomida ishtirokchilar “Yashil makon” tashabbusini amalga oshirish orqali barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga qaratilgan loyihaning strategik yo‘nalishi va kutilayotgan natijalarini muhokama qildilar. Loyiha bosh rejani ishlab chiqish, innovatsion moliyaviy yechimlarni joriy etish va aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratishni nazarda tutadi.
“Yashil makon" tashabbusini qoʻllab-quvvatlash BMTning Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorligida muhim oʻrin tutadi. Ishonchimiz komilki, ushbu tashabbus birgalikda butun mintaqani ko'kalamzorlashtirish va barqaror rivojlanish uchun mezon bo'ladi. Bu global barqaror rivojlanish kun tartibiga qo‘shilayotgan salmoqli hissadir va biz ushbu jarayonning bir qismi ekanligimizdan faxrlanamiz”, — dedi ochilish marosimida Akiko Fujii.
Loyiha uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlash va "Yashil makon" tashabbusini optimallashtirish uchun innovatsion yondashuvlardan foydalanishni ko‘zda tutadi. Tadbir davomida Surxondaryo viloyatida o‘rmonzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha tajriba maydonlari, yashil maydonlarni tiklash uchun asos bo‘ladigan ko‘chatzorlar barpo etish obyektlari taqdim etildi.
"Loyihaga ko‘ra, Bosh rejada qaysi hududda qanday daraxtlar ekilishi kerakligi, qaysi daraxtlar suvsizlikka, iqlim sharoitiga, sho‘r tuproqqa va boshqa omillarga chidamli ekanligi ko‘rsatiladi, — dedi Ekologiya vazirligi Oʻrmon, bioxilmaxillik va ekoturizm siyosatini yuritish departamenti boshligʻi Olim Hakimov. — Shuningdek, Surxondaryo viloyatida kam ta'minlangan oilalarni ish bilan ta'minlash maqsadida pitomniklar tashkil etamiz va ehtiyojmand oilalarni ishga jalb qilamiz. Bu orqali ham hunar o‘rgatamiz, ham ish bilan ta'minlaymiz. Bundan tashqari, "Yashil makon" loyihasi platformasini yanada takomillashtirish ham maqsad qilingan".
Seminar davomida ishtirokchilar shaharlar va cho‘l hududlarida yashil maydonlar (parklar) yaratish uchun yomg‘ir suvidan foydalanishning innovatsion yondashuvlarini muhokama qildilar.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar “Yashil makon” tashabbusining amalga oshirilishi global ekologik muammolarni hal etishda muhim qadam bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi. Loyihaning Bosh rejasi va xalqaro tajribaga asoslangan yangi moliyalashtirish yechimlari tashabbusning barqarorligini ta’minlaydi va yashil infratuzilmani uzoq muddatga rivojlantirish uchun zamin yaratadi.