O‘zbekiston OHIChK vazirlar konferensiyasi doirasida ekologik diplomatiyani kuchaytirmoqda
2024-08-30 13:00:00 / Yangiliklar
Konferensiyaning ochilishida kengash raisi, Qozogʻiston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev soʻzga chiqib, OHIChK ekologik ittifoqini yaratish orqali aʼzo davlatlar oʻrtasida atrof-muhit masalalari boʻyicha hamkorlikni institutsionallashtirish masalasini muhokama qilishni davom ettirishga chaqirdi.
Konferensiyaning asosiy e'tibori kengashga a'zo davlatlarning ekologik muammolar bo'yicha ustuvor yo'nalishlarini aniqlash, ekologik barqarorlikni ta'minlash maqsadlarini ilgari surish, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo'yicha ilg'or tajribalarni almashish hamda OHIChK mintaqasida ekologik muammolarni hal qilish yo'llarini aniqlashga qaratildi.
J. Kazbekov o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimiz hukumati tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, shuningdek, O‘zbekistonning global ekologik maqsadlarga erishish va tabiiy resurslarning adolatli taqsimlanishini ta’minlashga qaratilgan ekologik diplomatiyani kuchaytirishga intilishi hamda ularni asrash uchun mas’uliyatni oshirishga intilayotganini ta'kidladi.
"O‘zbekiston atrof-muhit va iqlim oqibatlarini bartaraf qilishda faol ishtirok etish tarafdori va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni izchil targ‘ib qiladi", – dedi vazir o‘rinbosari.
Konferensiya ishtirokchilari atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, yashil va barqaror iqtisodiyot, biologik xilma-xillikni saqlash va suv resurslari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha delegatlar Oliy darajadagi bayonotni qabul qildilar, unda 28 ta OHIChKga a’zo davlatlarning hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashish va muhim ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha majburiyatlari aks ettirilgan. Hujjatga ko‘ra, OHIChKga a’zo davlatlar salohiyatni oshirish va texnologiyalar almashinuvi orqali suv resurslaridan yanada oqilona foydalanishni ta’minlash, iqlim o‘zgarishlariga alohida e’tibor qaratgan holda, Iqlim o'zgarishi bo'yicha BMT doiraviy konvensiyasi va Parij kelishuviga muvofiq iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, biologik xilma-xillikni saqlash, atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurash va hayot sifatini yaxshilash majburiyatini oladi.