Xitoy, Yaponiya, Yevropa va AQSHning chiqindilarni energiyaga aylantirish borasidagi tajribasi o‘rganildi
2024-08-29 17:45:00 / Yangiliklar
Seminarda mashg’ulotlar Xitoyning professor-mutaxassislari tomonidan olib borildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va uning tizim tashkilotlari, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi, “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi, Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqiyot Banki vakillari, XXRning 25 nafar professor-mutaxassislari, Energetika vazirligi mutaxassislari, sanitar-tozalikni ta’minlash sohasida faoliyat yuritib kelayotgan davlat-xususuiy sherikchilik asosidagi korxonalar rahbarlaridan iborat 130 nafarga yaqin tinglovchilar ishtirok etishdi.
"Mazkur seminar chiqindini yoqish evaziga energiya ishlab chiqarish va boshqa qayta ishlash texnologiyalariga qaratilgan. Unda xorijlik investorlar, Xitoy, Yaponiya, Yevropa davlatlarining ilg‘or texnologiyalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi, mutaxassislar o‘zaro fikr va tajriba almashishdi, – dedi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi direktori Shaxriyor Nurullayev. – Bu kabi seminarlar yangilik kiritishga katta hissa qo'shadi, yangi yo‘nalishlarga doir hamkorlikni rivojlantirish bosqichlaridan biri hisoblanadi".
O'quv mashg'ulotlari davomida Xitoy, Yaponiya, Yevropa va AQSHning chiqindilarni energiyaga aylantirish tajribasi, Xitoyda chiqindilarni energiyaga aylantirish siyosati, standartlar, soliq va boshqa to’lovlar, chiqindilarni energiyaga aylantirish texnologiyasi, uskunalar va loyiha qurilishi, chiqindilarni energiyaga aylantirishda uglerod emissiyasini kamaytirish bo'yicha bilim va ko'nikmalar hosil qilindi. Shuningdek, mazkur sohadagi kompaniyalar faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Xususan, chiqindidan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha 20 yillik tajribaga ega bo‘lgan Xitoyning "Shanghai SUS Environment" kompaniyasi Toshkentda qator loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgani ta'kidlandi.
"Chiqindini yoqib, elektr energiyasi olish atrof-muhitning zararlanishi muammosiga yaxshi yechim hisoblanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqariladigan elektr toki va issiqlik manbai aholiga va zavod, korxonalarga beriladi, – dedi "Shanghai SUS Environment" kompaniyasi bosh teknik direktori, professor Jiao Xuejun. – Toshkent shahridagi chiqindi poligonlarini ko‘zdan kechirdik. Bu poligonlar atrof-muhitni ifloslantirishi tabiiy. Biz esa Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda, rejalashtirilayotgan loyihalarimiz orqali chiqindidan zararlanish muammosini hal qilib, poytaxt ekologiyasini yaxshilashni maqsad qilganmiz".
Seminar davomida chiqindilarni energiyaga aylantirish loyihalarining Xitoy, Yaponiya, Yevropa va AQSh bo'yicha taqsimlanishi, miqyos va reyting tizimiga eʼtibor qaratilib, ularning joriy holati yoritildi.
Shuningdek, chiqindi yoqish zavodlarining loyihalanishi, o'tkaziladigan tadqiqotlar, arxitekturasi, texnologiyalarning o'ziga xosligi, tuzilmasi, ishlash mexanizmlari xususida taqdimot o‘tkazilib, ishtirokchilarda amaliy ko'nikma hosil qilindi.