Toshkentda Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2024-08-29 11:05:00 / Yangiliklar
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi, Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federal vazirligi (BMUV), Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI), Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), “Ilbirs” jamoat fondi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida tashkilotchilar loyihani taqdim etdilar, “Yagona salomatlik” tashabbuslarini muhokama qildilar va IUCN Yashil roʻyxati standarti va boshqa tabiatni samarali hududiy muhofaza qilish choralari boʻyicha sessiyalar oʻtkazdilar.
“Tabiatni muhofaza qilish Markaziy Osiyo landshaftlarining inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligini asrash uchun barqarorligini oshirish orqali zoonotik xavflarni kamaytirishda muhim rol oʻynaydi, bu “Yagona salomatlik” yondashuvining asosini tashkil etadi, — dedi IUCNning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Oliver Avramoski. — Biz Markaziy Osiyo hukumatlarini IUCN vositalari va standartlarini, jumladan, tabiatni samarali va adolatli muhofaza qilish uchun global mezon bo‘lgan Yashil ro‘yxatni qo‘llash orqali milliy va mintaqaviy salohiyatni oshirishda qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz”.
Loyiha tibbiyot, veterinariya, ekologiya va sog'liqni saqlash kabi sohalar va fanlar bo'yicha hamkorlikni kuchaytirib, inson, hayvonlar va atrof-muhit salomatligini birlashtirgan yagona salomatlik yondashuvini qo'llaydi.
“Ma’lumki, “Tabiat chegara bilmaydi” va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, ekotizim degradatsiyasi va iqlim omillari zoonoz kasalliklarning tarqalish xavfini oshiradi. Umid qilamizki, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida zoonoz kasalliklar xavfini bartaraf etish, tabiatni muhofaza qilish, ekotizim salomatligi va inson farovonligi oʻrtasidagi bogʻliqlik haqida xabardorlikni oshirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlar uchun yaxshi platforma boʻlib xizmat qiladi”, – dedi Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov.
Qayd etish joizki, Markaziy Osiyoda zoonoz kasalliklar xavfi bioxilma-xillikning yo‘qolishi va inson va hayvonot dunyosining o‘zaro munosabatlaridagi o‘zgarishlar tufayli kuchaymoqda. Ushbu xavflarni kamaytirish uchun 2023-yildan 2027-yilgacha IUCN Markaziy Osiyoning 5 ta davlatida milliy hokimiyat organlari va xalqaro hamkorlar bilan birga 10,5 million yevrolik loyihani amalga oshirmoqda.
“Yaqinda boshlangan loyiha orqali IKI kelajakda zoonoz kasalliklarning oldini olishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan. Ushbu innovatsion loyiha muhofaza qilinadigan hududlarda va undan tashqarida “Yagona salomatlik” yondashuvini amalga oshirish hamda milliy siyosatni ishlab chiqishga qaratilgan. Ishonchimiz komilki, bu zoonoz kasalliklar xavfini kamaytirish bo'yicha muhim yangi bilimlar va ilg'or tajribalarni taqdim etadi», – deya ta'kidladi Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) vakili doktor Matias Shreter-Vinke.
Loyihadan maqsad milliy ekotizimlarni o'zgartirish uchun sharoit yaratish, mintaqada ekologik tashabbuslarni kengaytirish uchun ijtimoiy kapital yaratish, shuningdek, moliyalashtirishning yangi mexanizmini qo'llab-quvvatlash, biologik xilma-xillik va resurslar, jumladan, ekoturizm, ovchilik va jamoatchilik tashabbuslariga innovatsion yondashishdir.