O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida bioxilma-xillikni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-08-28 17:45:00 / Yangiliklar
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston tomoni yashil oʻsishni rivojlantirish, bioxilma-xillikni saqlash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish, shuningdek, atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirish va monitoring qilish, shuningdek, qum bo'ronlarining oldini olish va cho'llanishga qarshi kurashish boʻyicha yaqin hamkorlikdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
O‘z navbatida, Qatar tomoni biologik xilma-xillikni asrash, xususan, Qizil kitobga kiritilgan noyob qush — yo‘rg‘a tuvaloqni ko‘paytirish va tabiatga qo‘yib yuborish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdorligini bildirdi.
Bundan tashqari, tomonlar Qatardagi oliy taʼlim muassasalari Qatar University, Hamad Bin Xalifa University va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) oʻrtasida ekologiya, tabiiy resurslarni boshqarish va barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasini muhokama qildilar.
Qayd etish joizki, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomoni ikki mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ishlab chiqish hamda imzolashni taklif qilgandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Qatarning ekologik va yashil tajribasini chuqur o‘rganishdan manfaatdor, chunki ikki davlat qurg‘oqchil iqlimga ega, o‘xshash ekologik va iqlim muammolariga duch kelmoqda. Masalan, o‘rmonlarni qayta tiklash va cho‘llanishga qarshi kurashish sohasida Qatar 2030-yilgacha “O‘n million daraxt” loyihasini amalga oshirmoqda. Iqlim o'zgarishiga moslashish va yumshatish uchun mamlakat 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 25 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, mamlakatda atmosfera havosi sifati standartlarini, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalariga muvofiq bino ichidagi havo sifati standartlarini yaxshilash, havo sifati monitoringi milliy tarmog‘ini yaratish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlari oʻrtasida qoʻshimcha uchrashuvlar o‘tkazish va Qatar delegatsiyasining Oʻzbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishishdi.