GGGI O‘zbekistonda 5 yillik yashil rivojlanish strategiyasini taqdim etdi
2024-08-28 14:30:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, xalqaro tashkilotlar va boshqa muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot chog‘ida 5 yillik Davlat hamkorlik dasturi GGGI va Oʻzbekiston davlat organlarining yashil oʻsish muammolari, mamlakatdagi imkoniyatlar va zarur shart-sharoitlar boʻyicha birgalikdagi baholashlari, Oʻzbekistonda GGGI ning qiyosiy afzalliklarini aniqlash va rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish asosida tayyorlangani ta’kidlandi. Hujjat O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi va 2030-yilgacha GGGI Mintaqaviy Osiyo strategiyasiga mos keladi. Unda yashil rivojlanish loyihalarini amalga oshirish orqali mamlakatning ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishiga erishishda GGGI tomonidan kutilayotgan yordam ko‘rsatilgan.
“Biz kelgusi besh yillik davr uchun asosiy siyosat yo‘nalishlari, texnik maslahatchilar va yashil investitsiya yo‘nalishlarini belgilab oldik. Bu bir yildan ortiq davom etgan yuqori va texnik darajadagi maslahatlashuv davri bo‘lib, unda barcha turli vazirliklar va manfaatdor tomonlar biz qaysi sohalarda o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkinligi haqida tavsiyalar berishdi”, — dedi GGGI O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Aaron. J.M. Rassel.
Shuningdek, 2024–2028-yillarda GGGI O‘zbekistonni qulay muhit yaratish, jumladan, yashil investitsiyalar uchun tegishli me’yoriy-huquqiy bazalarni ishlab chiqish va yangilashda qo‘llab-quvvatlashga va investitsiyalarni iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi, barqaror o‘rmonlar hamda yashil binolarga bevosita jalb qilish bo‘yicha loyihalarni tayyorlashga e’tibor qaratadi.
Bu jarayon, shuningdek, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Yashil reabilitatsiya loyihasining (Aral Sea GRIP) oldingi tajribasi va yutuqlariga asoslanadi, shuningdek, yangi loyiha va tashabbuslarni, jumladan, “Markaziy Osiyoda suv toshqini va qurg‘oqchilik xavfini boshqarishning innovatsion aqlli usullarini joriy etish orqali iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” yangi mintaqaviy loyihasini o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash joizki, GGGI’ning 2030-yilgacha uzoq muddatli strategiyasi Parij kelishuvi maqsadlari hamda BMT BRVga mos keladigan barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishga erishish uchun a’zo davlatlar va hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator uzoq muddatli rejalarni nazarda tutadi. U resurslarni safarbar qilish va iqlimiy moliyalashtirishdan foydalanishni tezlashtirish, sog‘lom ekotizimlarni saqlab, barqaror va aylanma bioiqtisodiyotga erishish, qashshoqlik va gender tengsizlikka barham berishda taraqqiyotni tezlashtirish, “yashil” ish joylarini qo'llab-quvvatlash, xizmatlar va "yashil" infratuzilma hamda boshqa sohalarni o'z ichiga olgan beshta global ustuvorliklarga (Global Operational Priorities – GOPs) e’tibor qaratadi.