Asosiy kontentga o'tish

Muzliklarni saqlash va qishloq xo‘jaligini barqarorlashtirish masalari muhokama qilindi

2024-08-05 14:15:00 / Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi missiyasi doirasida “Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha” (G2F) mintaqaviy loyihasiga tayyorgarlik dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur doirasida Farg‘ona vodiysidagi Norin daryosi uchun batafsil tadqiqotlar va iqlim xavfini baholash amalga oshiriladi.

Muzokaralarda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti devonining iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha maxsus katta maslahatchisi Uorren Evans, Ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov va Ekologiya vaziri maslahatchisi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Suna Park ishtirok etdi.

Yig‘ilishda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, qurg‘oqchilik, toshqin, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, ekotizimlarni saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish va tabiiy ofatlardan keyin qayta tiklash xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan taklif etilayotgan G2F mintaqaviy dasturi bo‘yicha mamlakat hukumati bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. 

Ta'kidlash joizki, ushbu dastur Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ustuvor yoʻnalishga aylanishi va BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi (COP-29) ishtirokchilarining 29-konferentsiyasida taqdim etilishi rejalashtirilgan. U muzliklar to'g'risidagi ma'lumotlarni to'plash va ularning o'zgarishini bashorat qilishning aniq modellarini ishlab chiqishga yordam beradi.

Shuningdek, uchrashuv davomida mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan bugungi islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti tashkil etilgani hamda O‘zbekiston shaharlari uchun ekologik barqarorlik reytingi loyihasi doirasida (Uzbekistan’s Green Cities Rating) erishilgan natijalar yuqori baholandi. 

Yakunda tomonlar Milliy iqlim siyosatini amalga oshirish, iqlim o‘zgarishi sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish va COP-29ga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.

266

Oxirgi yangilanish: 2024-08-06 17:25:04