audio

    0+
    Ekologiya vaziri va yoshlar o’rtasida uchrashuv o’tkazildi

    29- iyun kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligida vazir Aziz Abduhakimov bir qator ekofaol yoshlar bilan uchrashdi.

    30-iyun —  Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil qilingan uchrashuvda vazir tabiatga befarq boʻlmagan yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi. Aziz Abduhakimov ishtirokchilarni “Yoshlar kuni” bilan samimiy tabrikladi. 

    Uchrashuv davomida yoshlar dolzarb ekologik masalalar borasida o’z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Xususan, turizm haftaligi, sanoat turizmini rivojlantirish va bunda yoshlarning o’rnini yanada mustahkamlashga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, yosh ekolog kadrlar zaxirasini yaratish, ularning bilim va ko’nikmalarini oshirish va boshqa muhim masalalarga e’tibor qaratildi.

    Uchrashuvda Aziz Abduhakimov har bir ishtirokchining taklif va mulohazalari, albatta, inobatga olinishini taʼkidladi. Qolaversa, yoshlarda tabiatga g’amxo’rlik hissi ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab, buning uchun minnatdorlik bildirdi. Yakunda yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

    Taʼkidlash joizki, yildan-yilga ekologiyani asrash borasida jon kuydirayotgan, ekologik masʼuliyatni his qilayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Xususan, oʻtgan yilda Oʻzbekistonda ekologiya va turizm sohasiga oid tadbirlarda 2,5 millionga yaqin ekofaol yoshlar ishtirok etdi. Yil davomida respublika boʻylab tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan jami 800 000 nafarga yaqin ekofaollar va volontyorlar qatnashdi.

    Bundan tashqari, Samarqanddagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo’lib o’tgan “Markaziy Osiyo ovozi” tadbirida 5 ta mamlakatdan kelgan 60 ga yaqin  eko-faollar Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini taraqqiy etish strategiyasini muhokama qilishdi. 4-oktabrda esa Samarqand shahridagi Markaziy Osiyo yoshlari ekologik oromgohi doirasida 2000 nafarga yaqin talabalar ishtirokida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hududida daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

    Samarqandda tashkil etilgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi — COP-28ga bagʻishlangan “Dunyoni yanada yaxshilaymiz” Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohida 5 ta mamlakatdan kelgan 60 nafarekofaol yoshlar  Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishdi.

    • view_icon 366
    : 2024-06-30 18:03:30