Xalqaro yoshlar ekologik oromgohi ishtirokchilari "Green University"da!
2024-06-28 19:50:00 / Yangiliklar
Tadbir davomida ishtirokchilar bir qator interaktiv tematik ma’ruzalar bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Ma'ruzalar atrof-muhitga oid keng ko'lamli mavzularni qamrab oldi, jumladan:
— Atrof-muhit ifloslanish: ifloslanish turlari, sabablari va oqibatlari;
— iqlim o'zgarishi: hozirgi muammolar va kelajak prognozlari;
— biologik xilma-xillikning yo'qolishi: ekotizimni himoya qilish strategiyalari.
Har bir ma'ruza "Green University" ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari tomonidan yoritib berildi. Qolaversa, tadbirga tashrif buyurgan Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) mintaqaviy direktori Oliver Avramoski IUCN va uning kelgusi rejalari haqida qisqacha ma'ruza qildi.
Bundan tashqari, ekologik viktorina tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilarning atrof-muhitga bilimlari sinovdan o‘tkazildi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
28-iyun kuni esa eko-oromgoh ishtirokchilari "Green University"da yangi tashkil qilingan bioxilma-xillikni saqlash laboratoriyasi bilan tanishtirildi. Yoshlarga laboratoriyada amalga oshiriladigan tajribalar, imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.
Ma'lumot uchun, ushbu laboratoriya suvlar tarkibidagi turli ifloslantiruvchi moddalarni aniqlash, tuproq tarkibi borasidagi turli tahlillarni amalga oshirish, daraxtning oʻlchami, balandligi, yoshi, vertikalligi, tanasining zichligi, tanadagi oʻzgarishlar kabi juda koʻp parametrlar boʻyicha batafsil maʼlumot olish, oʻsimlik va daraxlar bargida fotosintez jarayonida hosil boʻladigan kislorod miqdorini, raqamli mikroskop yordamida esa turli moddalar, saralanadigan chiqindilar tarkibini aniqlanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, yoshlar tomonidan quyidagi mavzular o‘rtaga tashlandi:
— iqlim o'zgarishi va ifloslanishning bolalarga salbiy ta'sirini kamaytirish;
— iqlim, energiya va atrof-muhitga oid ma'lumotlarning bolalar uchun qulay versiyasini yaratish;
— elektr energiyasi, isitish va boshqa maqsadlarda toza energiyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Eko-oromgoh ishtirokchilari ifloslanish, ayniqsa, zaharli elektron chiqindilar (kichik batareyalar) tufayli kelib chiqadigan sog'liq muammolarini yumshatish uchun chiqindilarni boshqarish amaliyotini takomillashtirish lozimligini ta'kidladilar. Yosh eko-faollar, shuningdek, sanoat korxonalariga ruxsat berishdan oldin bolalarning atrof-muhitga sezgirligini baholash, qishloq xo'jaligi texnikasini takomillashtirish va tuproqning ifloslanishini kamaytiradigan muqobil usullarni o'rganish ham muhim ekanligi qayd etishdi.
Ma'lumot uchun, Xalqaro yoshlar ekologik oromgohi 30-iyungacha davom etadi.