Tabiat bilan uyg‘unlikda: O‘zbekistonning tog‘li hududlarida “Global Wellness Day” nishonlandi
2024-06-08 20:25:00 / Yangiliklar
Tadbirda BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Mahl, Ekologiya vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva, “Global Welness Day” elchisi Nodira Korju, “UzReport” telekanali direktori Ravshanxon Jo‘rayev, “Green Hills Resort” direktori Sanjar Salixov, ekologiya faollari, sport muxlislari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Bu yilgi mavzu - #MagentaNature insoniyat va tabiiy dunyo oʻrtasidagi chuqur bogʻliqlikka, maʼnaviy va jismoniy farovonlikka yaxlit yondashuvni ilgari surishga qaratilgan.
Tadbirda yoga va, shuningdek, daraxtlarga mehr ko’rsatishga qaratilgan mashg’ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar toza havo va go‘zal tabiat qo‘ynida sevimli mashg‘ulotlaridan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, ovqatlanishni baholash, Tibet idishi bilan meditatsiya, kattalar va bolalar uchun sog'lom turmush tarzi bo'yicha seminarlar, o'yinlar va eko viktorinalar ham o’tkazildi.
Iyun oyining ikkinchi shanbasida nishonlanadigan “Global Wellness Day” aholining sog‘lom va muvozanatli turmush tarzining ahamiyati haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan. “Bir kun butun hayotingizni o‘zgartirishi mumkin” mavzusidagi tadbir butun dunyo bo‘ylab insonlarni ijobiy odatlarni qabul qilishga va ularning jismoniy, ruhiy va hissiy farovonligi haqida qayg‘urishga undaydi.
2023-yilda O‘zbekiston ushbu global salomatlik harakatiga qo‘shildi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Green Hills Resort” dam olish maskanida bu yil ikkinchi marta “Global Welness Day” nishonlandi. Tadbir bosh hamkorlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Turizm qoʻmitasi boʻldi.