Yo’qolib borayotgan oʼsimlik va hayvonlar boʼyicha davlat kadastr obyektlarining geoaxborot bazasi shakllantirildi
2024-05-28 18:00:00 / Yangiliklar
Ta'kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi va tizim tashkilotlarida raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʼyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlanishining oldini olish maqsadida respublika boʼyicha 200 ga yaqin zamonaviy videokameralar oʼrnatilib, vazirlikning “Situatsion markaz”ida doimiy nazorat yoʼlga qoʼyildi. Ekologiyaga oid masalalarni keng yoritish, aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida “Ekologiya portali” axborot tizimi gov.uz.eco – vazirlikning veb-sayti ishga tushirildi. Yangi ekilgan daraxt va butalarni monitoring qilish, noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida “Yashil makon” yagona elektron axborot tizimi — yashilmakon.eco yaratildi.
Shuningdek, ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida idoralararo integratsiyalashgan maxsus platmormalar ishlab chiqildi. Jumladan, maishiy chiqindilar uchun majburiy toʼlovlarni undirishda zamonaviy texnologiyalar koʼmagida ekopay.uz tizimi joriy etildi. Qolaversa, davlat ekologik ekspertizasi jarayonida hujjatlarni elektron qabul qilish, xulosalar berish boʼyicha eco-service.uz tizimi ishga tushirildi. Аtrof-tabiiy muhit davlat monitoringining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasi — gis.uznature.uz tizimi yaratildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan tizim integratsiya qilindi.
Chiqindilarni boshqarish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suv muhofaza zonalari, oʼrmon fondi yerlarida noqonuniy qurilmalarni monitoring qilib borish maqsadida “Oʼzbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda gis.uzspace.uz platformasi yaratildi. Vazirlik faoliyatining tezkor va shaffofligini taʼminlash, aholi, tadbirkorlik subyektlari bilan elektron hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (YaIDXP) 10 turdagi davlat xizmati koʼrsatilmoqda.
Hozirgi kunda Ekologiya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʼsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni utilizatsiya qilish joylari davlat kadastrlari yuritib kelinmoqda. Hayvonot va oʼsimlik dunyosi obyektlarining hisobi, monitoringi va kadastrini yuritish va maʼlumotlar bazasini shakllantirishda foydalanish uchun yagona klassifikator ishlab chiqildi.
“Bioxilmaxillikni muhofaza qilish boʼyicha axborotni boshqarish tizimi” – bcims.uznature.uz geoportali yaratildi. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari yagona tizimi – map.geoportal.uz geoportali bilan integratsiya qilindi. Bu borada maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida mutaxassislar zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan taʼminlandi. Ushbu maxsus platformalardan olingan tegishli maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar portalida doimiy eʼlon qilib borilmoqda.
Yoʼqolib ketayotgan dorivor, ozuqabop, texnik, manzarali oʼsimliklar, tabiiy yaylovlar va pichanzorlarga oid jami 591 turdagi oʼsimliklar boʼyicha davlat kadastr obyektlarining geoaxborot bazasi shakllantirildi. Yoʼqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar, oʼrmon xoʼjaligi zararkunanda jonivorlari, tegishli tartibda ovlanadigan hayvonlar va baliqlarga oid jami 250 turdagi hayvonlar mavjud boʼlgan davlat kadastr obyektlarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri boʼyicha 430 ta obyektning, chiqindilarni utilizatsiya qilish joylari davlat kadastrining 411 ta obyektlari boʼyicha geoaxborot bazalari yaratildi.
Kelgusida ekologiya sohasida xizmatlarni sifatli olib borish maqsadida:
— “Situatsion markaz”i faoliyati toʼliq yoʼlga qoʼyiladi;
— yagona geoaxbarot maʼlumotlar bazasini yuritish, respublikadagi ekologik vaziyatni baholash va prognoz qilish uchun yagona monitoring tizimi ishga tushiriladi;
— vazirlikning mavjud yoʼnalishlarini raqamlashtirishda jami 8 ta axborot tizimlari joriy etiladi;
— elektron hukumatni rivojlantirish maqsadida Vazirlik tomonidan koʼrsatiladigan davlat xizmatlari aholi uchun soddalashtiriladi;
— tizimda mehnat qilayotgan 1000 nafardan ziyod xodimlarning IT sohasidagi bilim va malakalari oshiriladi. 20 nafar xodim xalqaro taʼlim platformalari orqali oʼqitiladi.