O‘zbekiston va Xitoy atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi
2024-05-25 16:30:00 / Yangiliklar
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va Xitoy Xalq Respublikasi ekologiya vaziri o‘rinbosari Yuy Xueyven boshchilik qildi.
Suhbat chog‘ida delegatsiyalar rahbarlari ekologiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidladilar. Shu bilan birga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi, bu boradagi siyosat masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar mamlakatlarning ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlash va boshqa sohalardagi yutuqlari va tajribasini yuqori baholadilar.
Uchrashuvda havo ifloslanishining oldini olish va nazorat qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va chiqindilarni boshqarish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi va belgilandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, uni samarali amalga oshirish uchun O‘zbekiston-Xitoy ishchi guruhini tuzish muhimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy ishchi guruhini tuzishni muvofiqlashtirish uchun mas’ul shaxslar belgilandi.