Chirchiq daryosida qum-shag‘al qazib olish davom etayotgani aniqlandi
2024-05-24 10:30:00 / Yangiliklar
Tadbir davomida daryoning sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida oʻndan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan moratoriy talablariga rioya etilmay, muqaddam Geologiya vazirligi tomonidan berilgan litsenziyalar asosida hozirgacha qum-shagʻal materiallarini qazib olish ishlari davom ettirilayotganligi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 17-son Farmoni bilan 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinib, daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olish taqiqlangan.
Farmon bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va mutasaddi vazirlik va idoralarga bunday turdagi qazish ishlarini togʻli yoki togʻoldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida tashkil etish belgilanib, bu bilan suv resurslari zaxiralarining kamayib ketishi, daryo qirgʻoqlarining yemirilishi, suvni muhofaza qilish zonalarining turli chiqindilar bilan ifloslantirilishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek sugʻorish tizimlari va gidrotexnika infratuzilma obyektlariga zarar yetkazilishini oldini olish nazarda tutilgan.
Ming afsuski, koʻzlangan maqsad va belgilangan vazifalarning dolzarbligiga qaramay, moratoriy talablari ayrim hududlarda qoʻpol ravishda buzilib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Achinarlisi, masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ushbu noqonuniy faoliyatni toʻxtatish, xususan, amaldagi litsenziyalarni bekor qilish choralari koʻrilmagan. Oqibatda hududda Chirchiq daryosi qirgʻoqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, suvni muhofaza qilish zonalari turli chiqindilar bilan ifloslantirilgan va betartib qazish ishlari tufayli sizot suvlari yuzaga chiqib qolgan.
Shuningdek, amaldagi meʼyorlar qoʻpol tarzda buzilgan holda daryoning sohilboʻyi mintaqasida qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodi qurilib, hozirda faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni vaqtda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan mansabdor shaxslarning beparvoligi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning noqonuniy faoliyati natijasida tabiatga yetkazilgan ziyon koʻlami va zarar miqdori aniqlanmoqda.
Natijaga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.