Namangandagi milliy tabiat bog'ida USAID bilan hamkorlikda ekoturizm obyektlari tashkil qilinadi
2024-05-15 18:10:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti rahbari Zokir Rahimov va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakili, Biznesni qo'llab quvvatlash loyihasi rahbari Milo Stevanovich o'rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Namangan viloyatidagi Pop milliy tabiat bog'ida ekoturizmni barqaror rivojlantirish masalalariga e'tibor qaratildi. Xususan, milliy bog'da tashrif markazi, eko yo'laklar tashkil qilish va sayyohlar uchun boshqa qulayliklar yaratishga ham e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida USAID vakillarining iyun oyida Pop milliy tabiat bog'iga tashrif buyurishlari borasida kelishuvga erishildi. Bunda ekoturizm obyektlari uchun munosib joylarni aniqlash maqsad qilingan.
Ma'lumot uchun, bu kabi tashrif markazlari hamda ekoturizm maskanlari yaqin yillar ichida respublikamizdagi barcha milliy tabiat bog'larida tashkil qilinishi rejalashtirilgan.