Aholi diqqatiga!
2024-05-12 13:20:00 / Yangiliklar
Hozirgi kunda Respublika bo‘ylab kuchli shamol kabi gidrometerologik favqulodda vaziyatlarning tabiatga va jamiyatga salbiy taʼsiri ortib bormoqda. Bu holat tabiiy omillar yoki oʻsimliklar zararkunandalari ta'sirida qurib qolgan, shuningdek, insoniyat hayoti va sog‘lig‘i, mol-mulkiga tahdid solayotgan daraxtlar bilan alohida ishlashni taqozo etadi.
Shu bois yurtimizda aholining qulay tabiiy muhitga ega boʻlishini taʼminlash, zarur shart-sharoitlarni yaratish va yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Sizlardan:
— daraxtlarning ildiz tizimlari beton va asfalt qoplamalar bilan qoplanganligi, ularga turli yoritkich moslamalari, reklama bannerlari va shitlar ilinganligi;
— daraxtlarning tabiiy omillar yoki oʻsimliklar zararkunandalari taʼsirida tiklanmaydigan darajada chirigani va qurib qolganligi;
— daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar
kabi holatlarga guvoh bo‘lsangiz, @ecogovuz_bot (https://t.me/ecogovuz_bot) telegram boti, (71) 207-11-07, (71) 207-11-08 raqamlari hamda 1157 va 1207 qisqa raqamlari orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Unutmang! Hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi. Daraxtlarni muhofaza qilishda sizning ishtirokingiz biz uchun muhim! Zero tabiatni asrash barchamizning burchimizdir.
Telegram bot orqali murojaat yo‘llash tartibi bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.