Vazirlik tarixi
O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining tashkil etilishi va qayta tashil etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar
1. SSSR Oliy soveti Prezidiumining 1954 yil 28 dekabrdagi qarori asosida, 8 yanvar 1955 yilda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Rayosatining 1795-son qarori bilan “O‘zSSR Aloqa vazirligi” tashkil etilgan.
O‘zbekiston SSR Aloqa vazirligi tarkibiga O‘zbekiston SSR Vazirlar Mahkamasining ro‘yxati asosida korxona, tashkilot va muassasalar kiritilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 23 iyuldagi “Axborot tizimlari sohasini qayta tashkil etish va boshqarishni takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-1823-son Farmoni asosida pochta aloqasini, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni boshqarishni yanada takomillashtirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish va shu sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb etish maqsadida, “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi” tugatilib, uning negizida “O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi” tashkil etilgan.
3. O‘zbekiston Respulikasi Prezidentining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida” 2002 yil 30 maydagi PF-3080-son Farmoni bilan “O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi” etib qayta tashkil etilib, unga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklatilgan:
- mahalliy, shaharlararo, xalqaro telefon-telegraf va pochta aloqasi, matbuot tarqatish, ma’lumot uzatish tarmoqlari, shu jumladan Internet, radioaloqa, radio eshittirish va televideniye tarmoqlarini barpo etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish va xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi strategik ustuvor yo‘nalishlarni ro‘yobga chiqarish;
- axborot tizimlari, telekommunikatsiyalar va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini rivojlantirish hamda takomillashtirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish;
- Toshkent elektrotexnika aloqa institutini Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga aylantirish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 oktyabrdagi PF-4475-son Farmoniga asosan, “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa va axborotlashtirish agentligi” tugatilib, uning negizida “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi” tashkil etilgan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 fevraldagi PF-4702-son Farmoni bilan Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini, “elektron hukumat” tizimi hamda axborot tizimlarini jadal tadbiq etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini va ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish maqsadida, “O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi” negizida “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan.”
6. 2022 yil 21 dekabrdagi PF-269 son Farmoniga asosan, “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi negizida “Raqamli texnologiyalar vazirligi ” tashkil etildi.”