Samarqandda ideaton tadbiri tashkil etildi
2025-02-19 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar maktabi School 21'ning Samarqand kampusida Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Samarqand va Samarqand viloyati Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi ko‘magida ideaton tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbir Barqaror rivojlanish maqsadlarining(SDG) ijtimoiy muammolarga IT bo‘yicha yechimlar topish uchun Samarqanddagi texnologiya yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini bir yerga jamladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, startaplar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash eng muhim vazifalardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Xususan, yosh tadbirkorlar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun jamg‘arma tashkil etish, shuningdek, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini haqiqiy loyihalarga aylantirishga qaratilgan bank xizmatlari paketini joriy etish rejalashtirilayotganligi alohida ahamiyatga ega.
Kun davomida School 21 asosiy ta’lim ishtirokchilari va TATU Samarqand filiali, Samarqand davlat universiteti talabalari Barqaror rivojlanish dasturi bandida ko‘rsatilgan bir qator ijtimoiy muammolar, jumladan kambaga‘allikka qarshi kurashish, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tengligi, iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish kabilarni hal qilish borasida turli g‘oyalarni ishlab chiqdilar. Ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalardan foyalangan holda, insonlar hayotini yaxshilash va jamiyatda barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga erishishga yordam beruvchi yechimlarni ishlab chiqishga harakat qilishdi.
School 21 va IT Park Samarqand ekspertlari ko‘magida ishtirokchilar startap ustida ishlashning asosiy bosqichlari, ya’ni dizayn fikrlash va foydalanuvchi insaytlarini tahlil qilishdan foydalangan holda g‘oyalar izlashdan tortib, ularning dolzarbligini dastlabki baholashgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘rganishdi. Ular ijodiy fikrlash usullarini, shuningdek, g‘oyalarni tizimlash va qadoqlashga ko‘maklashuvchi Design Thinking Process, Value Proposition Canvas va Business Model Canvas vositalarini o‘zlashtirdilar.
Kun davomida 2-5 kishidan tashkil topgan jamoalar taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimining qulayligi, talabalar uchun turar-joy ijarasini soddalashtirish, ish izlash va aholi o‘rtasidagi ishsizlik kabi loyihalar bo‘yicha gʻoyalar ishlab chiqib, yig‘ilganlar e'tiboriga havola etishdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan quyidagi loyihalar alohida e’tirof etildi:
1-o‘rin: EduVerse – sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda, personallashgan kurslarni yaratish bo‘yicha ta’lim platformasi. Loyihada asosiy e’tibor ta’lim jarayonini yanada qiziqarli va samarali qiladigan o‘ziga xos foydalanuvchi tajribasi va geymifikatsiya orqali o‘qitishga qaratilgan.
2-o‘rin: Troc – barter tizimiga asoslangan va foydalanuvchilarga pul sarflamasdan tovar va xizmatlarni ayirboshlash imkonini beruvchi ijtimoiy loyiha. Platforma ongli iste’mol madaniyatini rivojlantirishga yordam beradi va jamiyatda o‘zaro yordam g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
3-o‘rin: MySog‘liq – tibbiy xizmatlar va boshqa interaktiv usullardan onlayn tarzda foydalanish imkonini beruvchi tibbiy raqamli platforma.
Eng yaxshi g‘oyalar mualliflari tashkilotchilarning esdalik sovg‘alariga, shuningdek, IT Park Samarqand platformalarida o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniyati va School 21 dan Markaziy Osiyo inkubatori va xakatonida ishtirok etish imtiyoziga ega bo‘lishdi.
Yil davomida Samarqanddagi School 21 kampusida turli mavzularga bag‘ishlanadigan va ishtirokchilarga dolzarb muammolarga chuqurroq yondashish va amaliy yechimlarni topish imkonini beradigan yana uchta ideaton tashkil etilishi nazarda tutilgan.
School 21 – bu talab yuqori bo‘lgan kasbni bepul egallash va o‘z ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlaydigan va yuksaltiradigan jamoaga a’zo bo‘lish uchun ajoyib imkoniyatdir. Toshkent va Samarqanddagi navbatdagi saralash «hovuzlari» 3-mart sanasidan boshlanadi, arizalar 26-fevralgacha qabul qilinadi.
21-school.uz havolasi orqali o‘qish uchun ariza topshirish mumkin.