“Technovation Girls Uzbekistan 2025” xalqaro tanlovining yangi mavsumiga start berildi
2025-02-18 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14-fevral kuni mamlakatimiz yoshlari bilan muloqot o‘tkazib, uchrashuvda yoshlar bilan ishlash natijadorligini yanada oshirish, ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilgan edi. Ushbu uchrashuvda yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga jalb etish muhimligi ta’kidlangan edi.
Bugun, 18-fevral kuni “Technovation Girls Uzbekistan” – O‘zbekistondagi qizlar uchun yirik STEM-dastur yangi mavsumiga start berildi. Ushbu dastur “Tech4Impact” tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va "Yandex Uzbekistan” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Tadbirda 1500 nafarga yaqin xotin-qizlar bevosita ishtirok etishdi hamda Toshkent, Andijon, Namangan, Nukus, Urganch va Farg‘ona viloyatlaridagi qiziquvchi yoshlar ham onlayn qatnashish imkoniga ega bo'lishdi.
Ushba tadbirda Raqamli texnolgiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so‘zladi. Vazir o‘zbek qizlarining yuqori salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston jamoalari xalqaro finalga chiqib, ularning Kaliforniyada bo‘lib o‘tadigan yakuniy tadbir ishtirokchisiga aylanishlarini tiladi.
“Technovation Girls Uzbekistan” tadbiri juda muhim tanlov. O‘tgan haftada Prezidentimiz yoshlar bilan muhim va samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda Prezidentimiz yoshlarimizning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta vazifalar va yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, hozirda yurtimizda xotin-qizlarning startaplarini qo‘llab-quvvatlashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tadbirning bu yilgi ochilishi o‘zbek qizlarimizning loyiha va startaplarini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddaman. O‘ylaymanki, bu yil yaxshiroq harakat qiladigan bo‘lsak, finalga chiqadigan qizlarning soni yanada ko‘proq bo‘ladi. O‘zbek qizlarining hech kimdan kam joyi yo‘q. Qancha xorijiy safarlarga borganimizda guvoh bo‘lamiz: bizning qizlarda kreativlik kuchliroq va bunga boshqa davlatlar havas qiladi. Oldingizga yaxshi maqsadlar qo‘yib harakat qilishdan to‘xtamasligingizni tilab qolaman”, – dedi vazir o‘z nutqida.
Technovation Girls —qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov bo‘lib, har yili dunyoning 70+ mamlakatida o‘tkazib kelinadi. Tanlovning maqsadi ishtirokchi qizlarga moslashuvchan ko‘nikmalarni berish, ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun ularni IT-texnologiyalarga, dasturlash imkoniyatlariga va sun’iy intellektga hamda texnologik sohalardagi tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat.
12 haftalik dastur marketing, dasturlash, biznesko‘nikmalar va taqdimot ko‘nikmalari bo‘yicha o‘rgatuvchi modullarni o‘z ichiga olgan. Qizlar mobil va veb-ilovalar yordamida ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal qilishni o‘rganadi va BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bilan bog‘liq mavzular bo‘yicha innovatsion AI-dasturlarni yaratadi. Ishtirokchilardan dasturlash tajribasi bo‘lishi talab qilinmaydi.
2025-yilda hamkorlik doirasida “Yandex Uzbekistan” mutaxassislari O‘zbekistonning barcha hududlaridan ishtirok etadigan jamoalarga yana mentorlik qiladi. Har bir jamoa 3 oy davomida mentorlar yordamida ijtimoiy yo‘naltirilgan mobil yoki veb-ilovani yaratishi, loyihaning biznes rejasini yozishi va loyiha haqida video tasvirga olib, o‘z loyihasini tanlov finalida taqdim etishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston jamoalari quyidagi mavzularda mobil ilovalarni ishlab chiqadi: ta’lim sifatini yashilash uchun AI (sun’iy intellekt)dan foydalanish, nogironligi bor odamlarga yordam berish va maktablarda bullingni pasaytirish, daraxt ekish va havo sifatini kuzatish, yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, moliyaviy firibgarliklar holatlarini kamaytirish, ayollarning imkoniyatlari va huquqlarini kengaytirish va boshqa mavzular.
2023-yilda Kremniy vodiysida (AQSh) o‘tkazilgan “Technovation” tanlovining finalida O‘zbekistonning “Tecnas” jamoasi maktablar uchun VR-laboratoriya ilovasi bilan xalqaro tanlov finaliga o‘tdi va butun dunyodan qatnashgan 2500 dan ortiq jamoa orasida 12 ta finalchi-jamoa safidan o‘rin oldi. Shuningdek, jamoa “Social Impact Award” nominatsiyasida (bu ijtimoiy muammolarni hal qilishga hissa qo‘shadigan eng yashi “Technovation” loyihasi uchun mukofot) g‘olib deb topilgan edi.
“Technovation” bitiruvchilari turli tanlovlar va xalqaro ta’lim grantlarini yutib olishmoqda, yetakchi mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishmoqda, IT, ilm-fan va injiniring sohalarida karyera qilishmoqda, o‘z startaplarini yaratishmoqda.
“Technovation Girls Uzbekistan” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish 2025-yil 1-martgacha ochiq bo‘ladi. Tanlovga mamlakatning barcha hududlaridan 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar taklif etiladi. Dasturda qatnashish bepul. Ingliz tilini bilish muhim.
“Technovation Uzbekistan-2025” dasturi 2025-yil may oyida loyihalar ko‘rgazmasi va barcha jamoalar va mentorlarni mukofotlash bilan yakunlanadi. Toshkentda mavsumning bayram final tadbiri o‘tkaziladi. So‘ngra O‘zbekiston jamoalari xalqaro finalga chiqqan taqdirda, o‘z loyihasini Kaliforniyada butun dunyodan qatnashgan 15 ta eng yaxshi jamoa qatorida taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, tanlovda qatnashish uchun ishtirokchi qizlar va mentorlar xalqaro saytdan 2025-yil 1-martga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin: https://my.technovationchallenge.org/
Ma’lumot uchun:
– 2016-2024 yillarda “Technovation Uzbekistan” dasturida 358 ta jamoa finalgacha yetib bordi, unda O‘zbekistonning 9 ta hududidan 700+ mentor va 500+ ishtirokchi qiz qatnashdi.
– 2023 va 2018-yillarda O‘zbekiston jamoalari o‘z loyihalarini Kremniy vodiysida (AQSh) taqdim etdi (2023-yilda “Tecnas” senior-jamoasi va 2018-yilda “Generation Z” junior-jamoasi)
– 2021-yilda O‘zbekistonning “IT-Ladies” jamoasi Osiyoda mintaqaviy g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.