Senat yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi
2024-10-23 21:40:00 / Vazirlik yangiliklari
So‘ngi yillarda telekommunikatsiya tarmoqlari texnologik yutuqlar va isteʼmolchilarning o‘zgaruvchan talablari taʼsiri ostida jadal rivojlanmoqda. Bu borada mamlakatimizda har bir sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, chekka hududlarda telekommunikatsiya tizimlarining rivojlanishi telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish imkoniyatlarini yaratdi va Internet xizmatlari narxini arzonlashtirishda ijobiy natijalarga erishishga imkon berdi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan telekommunikatsiya bozori rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi va amaliyoti chuqur tahlil qilindi. Qonunda telekommunikatsiya bozorini tartibga soluvchi regulyator va ushbu bozorni rivojlantirish siyosatini olib boruvchi davlat organlarining vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Jumladan, Qonunda tartibga soluvchi organga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatlarda telekommunikatsiya infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirish, operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini taʼminlash vakolatlari berilmoqda.
Shuningdek, tartibga soluvchi organning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy etib belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga yengillik berish bilan birga hukumatning iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bo‘yicha strategik dasturining muhim qismi bo‘lgan telekommunikatsiya sektorining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.