Qatar davlati Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari bilan ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
2024-10-18 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qatar davlati Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari, “International Gateway technology” kompaniyasi asoschisi va raisi Muhammad Al-Quvari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar aloqalarni yanada mustahkamlash, jumladan, IT outsourcing, telekommunikatsiya yo‘nalishida hamkorlik qilish va bu orqali yoshlarni yuqori maoshli ish bilan ta’minlash bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, telekommunikatsiya xizmatlarini takomillashtirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va raqamli iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasida yuqori salohiyatga ega bo‘lgan kadrlari haqida fikrlar almashildi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda IT outsourcing xizmatlarini rivojlantirish, xalqaro bozorga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratish va bunda Qatar kompaniyalarining ishtirokini oshirish borasidagi istiqbollar haqida so‘z bordi.
Tomonlar kelajakda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar va investitsion imkoniyatlar bo‘yicha fikr almashdilar.
Jumladan, O‘zbekiston va Qatar telekommunikatsiya bozoridagi raqamli xizmatlarni kengaytirish, yuqori texnologiyalarni joriy etish orqali ikki tomonlama manfaatli aloqalarini rivojlantirishga umid bildirdilar.