“Yashil” energiya manbalaridan foydalangan holda ma’lumot markazlarini qurish va hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari DataVolt kompaniyasi bilan muhokama qilindi
2024-09-18 22:15:00 / Vazirlik yangiliklari
“ICT Week Uzbekistan 2024” tadbirining muhim qismlaridan biri bo‘lgan “Net Zero ma'lumotlar markazi va AI: DataVolt – O‘zbekistonning raqamli kelajagi innovatori” mavzusidagi panel muhokamasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Panelda shuningdek, DataVolt kompaniyasi bosh direktori Rajit Nanda ham qatnashdi.
Vazir o‘z nutqida O‘zbekistonning raqamli transformatsiya yo‘lidagi asosiy qadamlarini ta’kidladi va sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining bu jarayonda asosiy rol o‘ynayotganligini aytib o‘tdi.
DataVolt kompaniyasining O‘zbekistonga jalb qilinadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari mamlakat raqamli infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim qadamdir. Ushbu mablag‘ hisobidan 2032-yilga qadar umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan uchta ma’lumot markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Panel muhokamasi davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda axloqiy tamoyillarga rioya qilish va texnologiyalarni faqat jamiyat manfaati uchun foydalanish ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidlandi.
Panel muhokamasi davomida DataVolt bosh direktori Rajit Nanda bilan birgalikda O‘zbekistonning texnologik infratuzilmasi va sun’iy intellekt sohasidagi hozirgi holati hamda kelajakdagi istiqbollar keng muhokama qilindi.
Muhokama davomida “Yashil” energiya manbalariga asoslangan ma’lumot markazlarini qurish mamlakatimiz uchun ekologik jihatdan barqaror raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi hamda “Yashil” enerigiya manbalariga asoslangan ma’lumotlar markazini qurish loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha 3 tomonlama kelishuv imzolandi.