TADBIRKORLAR QONUN HIMOYASIDA
2025-06-20 12:10:00 / Yangiliklar
Jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot tizimi takomillashtirilgani va uni noqonuniy talab etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani bo‘yicha Qaror qabul qilingan. Bu esa tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, davlat statistika organlari xodimlari tomonidan statistik hisobotlar va hisob-kitoblarni qabul qilish tartibida buzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 15 iyundagi “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot tizimini takomillashtirish va uni noqonuniy talab etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-100-sonli Qarori tadbirkorlar faoliyatiga qaratilayotgan e’tiborning yorqin dalilidir.
Hozirgi paytda Respublikamizda tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini yanada rivojlantirish, ular uchun qulay imkoniyatlar yaratish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish, nazorat organlari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarli holatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 15 iyuldagi “Statistika, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalashtiriladigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-qoidalarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4453-sonli Farmoniga muvofiq, 2012 yil iyul oyidan boshlab taqdim etish davriyligi qisqartirilgan 12 turdagi davlat statistika hisobotlari bo‘yicha yangi muddatlar belgilandi.
Shuningdek, ushbu Farmonga asosan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan taqdim etiladigan yillik “Asosiy vositalar harakati to‘g‘risidagi” 3-sonli shakl hamda “Debitorlik va kreditorlik qarzlari haqidagi” 2A-sonli moliyaviy hisobot shakllari 2012 yilning 3-choragidan bekor qilindi, 2013 yil 1 yanvardan boshlab esa 11 turdagi statistika hisobotlari bo‘yicha davriylik o‘zgartirildi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi kunga qadar xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan 33 turdagi davlat statistika hisobotlari elektron ko‘rinishda taqdim etilmoqda.
Shu o‘rinda yana bir jihatni alohida eslatib o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-3665-sonli Farmoni ham tadbirkorlik subyektlarini tekshirish tizimini takomillashtirish, tekshiruvlar sonini keskin kamaytirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga oid qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, nazorat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish masalalarida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan Farmon va Qarorlar tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har tomonlama himoya qiladi va yurtimiz taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shadi.
Denov tuman statistika bo‘limi ma’muriyati.
