Bugun Denov tumanida so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangladi
2025-05-24 18:55:00 / Yangiliklar

So‘nggi qo‘ng‘iroq – bu har bir o‘quvchining hayotidagi muhim bosqich, yangi hayot sari ilk qadamdir. Shu munosabat bilan tuman hokimi Ilhom Abrorov ushbu maktablarda bo‘lib, bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bitiruvchilarga yo‘llagan samimiy va ruhlantiruvchi tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, hokim yoshlarga mustaqil hayot sari boshlanayotgan yo‘llarida omad, bardavom muvaffaqiyatlar va katta yutuqlar tiladi.
“Sizlar bugun o‘z hayotingizda yangi sahifani ochyapsiz. Kelajakda kim bo‘lishingiz, qanday yutuqlarga erishishingiz – bu sizlarning bilimga bo‘lgan ishtiyoqingiz, halol mehnatingiz va qat’iy maqsadingizga bog‘liq. Biz har doim sizlarning yelkangizda turamiz,” — dedi Ilhom Abrorov o‘z chiqishida.
Tadbir davomida o‘qituvchilar va ota-onalar ham so‘zga chiqib, o‘z shogirdlariga eng ezgu tilaklarini bildirdilar. Bitiruvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va raqslar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Ayni shu kunlarda yana bir muhim voqea ro‘y berdi: 17-umumta’lim maktabining tashkil topganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan ushbu dargohda zamonaviy kutubxona ochildi. Bu loyiha tuman kengashi deputati Islom Xudoyberdiyev tashabbusi bilan amalga oshirildi. Yangi kutubxona o‘quvchilarga keng ko‘lamli bilim manbalariga ega bo‘lish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda o‘z ustida izchil ishlash imkonini beradi.
Bu kabi tashabbuslar yoshlarimizga ilm olish, o‘z maqsadlariga yetishish, shuningdek, Vatan oldidagi burchini anglab yetishlarida katta turtki bo‘lmoqda. Yurtimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar samarasida har bir bitiruvchi o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularni zabt etishga intilmoqda.
Bugungi so‘nggi qo‘ng‘iroq – nafaqat maktabdagi bir bosqich yakunlangani, balki hayotning navbatdagi sahifasi boshlanishi ekanini anglatadi. Tadbirda qatnashgan har bir kishi ushbu daqiqalarni chuqur hayajon va faxr bilan eslab qoldi.
