Latviya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Reinis Troksha bilan uchrashuv oʻtkazildi
2025-01-27 18:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 23-yanvar kuni Davaktiv agentligida Latviya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Reynis Troksha hamda Latviyaning “BAO” AJ kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Janis Vilgerts bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Uchrashuv boshida, Davaktiv agentligi direktori A. Ortikov tomonidan Agentlikning asosiy faoliyat yoʻnalishlari va vazifalari, mazkur yoʻnalishni isloh etish boʻyicha qabul qilingan Qonunlar va tegishli normativ huquqiy hujjatlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi va “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.
Shuningdek, A. Ortikov ishlab chiqilgan fundamental hujjatlarning qabul qilinishi bilan Oʻzbekistonda xususiylashtirish jarayonlarining samaradorligi sezilarli darajada oshganligi, oʻz oʻrnida, hozirda yangi xususiylashtirish dasturi ishlab chiqilayotganligiga toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, Davaktiv agentligi direktori soʻzining davomida “E-auksion” elektron savdo platformasi faoliyati va uning qulayliklari toʻgʻrisida mehmonlarga maʼlumot berdi.
Latviya Respublikasining elchisi Reynis Troksha yuqorida berib oʻtilgan maʼlumotlar uchun tashakkur bildirib, xususiylashtirish sohasi bu har bir davlat iqtisodiyotining muhim qismi ekanligini va xususiy sektorning rivojida katta oʻrin tutishini, Oʻzbekistonda mazkur sohaga katta eʼtibor qaratilib, ijobiy natijalardan Yevropa davlatlari ham xabar topayotganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, “BAO” kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Janis Vilgerts oʻz soʻzida “E-auksion” elektron savdo platformasining faoliyatini yuqori eʼtirof etib, ushbu platforma chindan shaffof va texnologik jihatdan yuqori darajada raqamlashtirilganligini taʼkidlab oʻtdi. Shu oʻrinda, mazkur elektron platforma orqali Navoiy viloyatida joylashgan foydali qazilmalarni amalga oshirish uchastkasi “BAO” kompaniyasi tomonidan yutib olinganligini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.