“Avtooyna” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot
2025-01-27 15:35:00 / Yangiliklar

Davaktiv agentligi tomonidan 2024 yil 18 dekabr kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, “Avtooyna” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv") xususiylashtirish jarayoni Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan davom ettirilgan.
Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Portfolio Investments” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2025 yil 20 yanvarga qadar 7 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.
Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:
- Aktivni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslari;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi kerak;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.
Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida, barcha talabgorlar yuqoridagi mezon talablariga toʻliq mos deb topilgan.
Shuningdek, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarga jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.
Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:
Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Aktiv toʻgʻrisidagi Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.
Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2025-yil 15-mart soat 23:59 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (process letter) orqali yetkaziladi.
Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.
Diskleymer
Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments”ning Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.