“Rothschild & Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi aʼzosi baronessa Ariel Malard de Rothschild bilan uchrashuv bo’lib o‘tdi
2025-01-17 10:30:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 15-yanvar kuni Davaktiv agentligida “Rothschild & Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi a’zosi baronessa Ariel Malard de Rothschild boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv boshida, Davaktiv agentligi direktori “Rothschild & Co” kompaniyasi moliyaviy maslahatchi sifatida ishtirok etgan “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan”ning xususiylashtirilishi bugungi kunga qadar Oʻzbekistondagi xususiylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli misollaridan biri hisoblanishini ta’kidlab, xorijiy hamkorlarga ko‘rsatgan professional xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda “Rothschild & Co” kompaniyasi vakillariga so‘ngi yillarda Oʻzbekistonda xususiylashtirish va davlat mulkini boshqarish sohasida erishilgan natijalar, mazkur soha yuzasidan normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilganligi, kelgusidagi istiqbolli rejalar, jumladan, yangi ishlab chiqilayotgan xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtildi.
O‘z navbatida, baronessa Ariel Malard de Rothschild Davaktiv agentligi rahbariyatini dastlabki “Xalqchil IPO” dasturi muvaffaqiyatli yakunlanganligi bilan tabriklab, “Rothschild & Co” kompaniyasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti va rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishga doimo tayyorligini bildirdi.
Shundan so‘ng, xorij vakillari davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasida xalqaro standartlarga muvofiq o‘zlarining turli mamlakatlarda amalga oshirgan ijobiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar joriy yilda ham mamlakatimizda yana bir yirik davlat aktivini muvaffaqiyatli xususiylashtirish jarayonini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilishga va yaqindan tajriba almashishga kelishib oldilar.