“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusidagi konferensiya
2023-07-06 17:50:00 / Press-relizlar
PRESS-RELIZI
Toshkent shahri 2023 yil 7 iyul
“Event Hall” markazida bo‘lib o‘tadigan konferensiya jarayonida ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish, aholi turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirish hamda samarali migratsiya siyosati borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar va davra suhbatlari tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanda 30 ga yaqin hamkorlar – nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari qatnashadi.
Xalqaro ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalari, jumladan, ularning samaradorligini ko‘rib chiqadi.
“Ijtimoiy xizmatlar sohasini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirish – barqaror rivojlanish garovi” mavzusida bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev, Kanadaning “Work Global Canada” kompaniyasi vakili, professor Pol Shelli, Litvaning “Eurodas” tashkiloti rahbari Roman Xolenkov, Bolgariyaning “United Business Clubs” assotsiatsiyasi prezidenti Veselin Xolachov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi.
Konferensiyada kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha dunyoning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, yaqin yillarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlarining sifatini oshirish, kichik korxonalarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va bandlikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Shundan so‘ng, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” mavzusida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga doir videorolik namoyishi bo‘lib o‘tadi.
“Xalqaro mehnat bozorining globallashuvi jarayonida O‘zbekistonning o‘rni va istiqbollari” mavzusidagi davra suhbati bilan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi tadbirlari davom etadi.
Davra suhbatida Finlyandiyaning “Smart Workers Ltd” kompaniyasi bosh direktori Djani Xavunun, Shveysariya “Globogate Concept AG” kompaniyasi Biznesni rivojlantirish bo‘yicha bosh menejeri Yoxannes Meyer “Japan Regio Sahou Association” kompaniyasi prezidenti Norio Amemiyalarning taklif va mulohazalari tinglanadi.
Xalqaro tadbirlar davomida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob beriladi.
Konferensiya doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunikeni qabul qilish ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: So‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini yanada takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, xotin-qizlarning muammolarini hal etish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada, 9,5 ming mahallada mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektoridan iborat “mahalla beshligi” tizimini joriy etilishi davlat siyosatini har bir xonadonga kirib borishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Respublikamizda, ilk bor, milliy kambag‘allik chegarasi belgilanib, ijtimoiy nafaqa va pensiyalar miqdori minimal iste’mol xarajatlari darajasiga yetkazildi.
Ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” joriy etilib, yiliga 1,5 million ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan aholining turmush darajasi oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonuni shuningdek, yangi tahrirdagi “Mehnat kodeksi”ning qabul qilinishi, aholiga bandlik xizmatlari ko‘rsatishning sifat-samaradorligini yuqori darajaga olib chiqdi.
2017 yilda 270 ming aholiga bandlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirga kelib yiliga 1 million fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatilib, bu boradagi xizmatlar 2016 yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi.
O‘rta Osiyo davlatlarida birinchilardan bo‘lib, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnat shartnomalari tuzish, elektron mehnat daftarchasi yuritish bo‘yicha tizim ishga tushirildi.
Ishsiz aholiga, jumladan, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishning yangicha tizimi yaratildi.
Yillik quvvati 100 mingdan ortiq 52 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 574 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, 28 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish qamrovi 2016 yilga nisbatan 2022 yilda 24 barobarga ortdi.
Kambag‘al oila a’zolarining ish bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 30 turdagi subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Oxirgi to‘rt yilda davlat byudjetidan 531 mlrd.so‘m subsidiya ajratish hisobiga 200 ming aholi bandligi ta’minlandi.
Olib borilgan islohotlar natijasida, 2022 yilda kambag‘allik darajasi
17 foizdan 14,1 foizga tushdi.
2017 yilga qadar 3 ta, bugungi kunda esa 22 ta xorijiy davlatlar bilan migratsiya masalalari bo‘yicha hukumatlararo bitimlar imzolandi. Buning natijasida, rivojlangan davlatlarda ishlash istagiga bo‘lgan shaxslarni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish
10 barobarga oshdi.
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga butunlay barham berildi va bu Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan tan olindi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 5 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, xalqimiz tomonidan ijobiy e’tirof etilmoqda.