Milliy hunarmandchilik – iqtisodiy mustaqillik poydevori
2025-07-04 10:00:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi “Havzi-nav” mahalla fuqarolar yig‘ini ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning yaqqol namunasi bo‘la oladi. Mahallada har bir sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar safi yildan-yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, yosh qizlarni tadbirkorlikka, kasanachilikka va milliy hunarmandchilikka yo‘naltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunday faol ayollardan biri Shaxlo Qurbonova shu mahallaning Muqimiy ko‘chasida istiqomat qiladi va bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati orqali nafaqat o‘zini, bir necha xotin-qizlarni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Davlat tomonidan 15 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, ushbu mablag‘ tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirildi. Bugungi kunda u yosh kelinlar va qizaloqlar uchun milliy liboslar tikib, milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Kreditlarini vaqtida to'lab borayotgan Shaxlo Qurbonavaning tadbirkorlikdan olayotgan daromadi ham mo'maygina bo‘lib, 1 oylik sof foyda 5 mln so'mni tashkil etadi. Tadbirkor va ikki shogirdi tomonidan tikilgan liboslar o'z mijozlariga ega. Mohir hunarmand faqat Buxoro shahrida emas, balki Toshkent viloyatiga ham mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. Buyurtmachilarning mamnunligi uning faolligini oshirib, tadbirkorligini yanada kengaytirib, ko'plab xotin-qizlarning bandligi ta'minlanishida o'z hissasini qo'shishni maqsad qilgan.


