Buxoro tumanida “Chevar Zarxalgold texstil” va “Kuchli qalb” tikuvchilik korxonalari ochildi
2025-03-12 19:40:00 / Yangiliklar

Yaqinda “Mustaqillik” MFY da foydalanilmayotgan bino hamda “Navroʻz” mahallasida joylashgan politexnikum binosining boʻsh xonalari mahalliy tashabbuskor tadbirkorlarga berilgach, ularda biznes loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, “Mustaqillik” mahallasida “Chevar Zarxalgold texstil” va “Navroʻz” mahallasidagi tuman politexnikumi binosining boʻsh turgan xonasida “Kuchli qalb” tikuv korxonasi tashkil etilgani hisobidan hozirgacha ishsiz va daromadsiz boʻlgan 60 nafar ayolning bandligi taʼminlanmoqda.
— Mazkur tikuvchilik korxonamizda bugunga kelib 30 nafar chevar tikuvchi ishlayotgan boʻlsa, ularning aksariyati hududda kam taʼminlagan oilalar bekalari va qizlari,—deydi “Kuchli qalb” tikuvchilik korxonasi rahbari Shavkat Gʻafforov.— Qolaversa, tuman politexnikumi oʻquvchilari, yosh chevarlar ham darsdan soʻng kasb-hunar oʻrganish uchun seximizga qatnamoqda. Bizda buyurtma asosida mehnat jamoalari uchun maxsus korjomalar tikib tayyorlanmoqda. Chevarlarimiz har kungi tikib topshirayotgan mahsulotiga qarab 2 million soʻm atrofida oylik maosh olishmoqda.
Xorijiy rusumdagi “Jack”, “Baoyu” va boshqa tikuv mashinalari, zarur uskunalar bilan jihozlangan bu ikki kichik korxonada sport-trikotaj, ayollar kiyimlari, sochiq va choyshablar bilan bir qatorda aholi va bozor talabidan kelib chiqib keng assortimentdagi kiyim-kechak tikib tayyorlanmoqda. Endilikda mahsulotni qoʻshni davlatlarga eksport qilish choralari koʻrilmoqda. Bunda tuman hokimligi va tadbirkorlar hamkorligida mazkur tikuvchilik korxonalari faoliyati qoʻllab-quvatlanib, mahsuldorlik, ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda. Zero, yangi ish oʻrinlari aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati