Jondor: Yangiyevlar va Toshevlar oilalari har birida 12 sotix yerda pomidor yetishtirilmoqda
2025-03-07 22:35:00 / Yangiliklar

Fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari tuman kengashi maʼlumotlariga binoan, joriy yil erta bahoridan tuman aholi xonadonlarining jami 3 ming 384 gektar tomorqa yerida sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgan boʻlib, shundan hozirda 500 gektardan oshiq yerda kartoshka yetishtirilmoqda. Shuningdek, 400 gektarga yaqin yerda pomidor, bodring, sarimsoqpiyoz, 300 gektarga yaqin yerda piyoz va bulgʻor qalampiri ekib yetishtirilmoqda. Qolaversa, tomorqachilar tomonidan 800 gektardan oshiq yerda boshqa turdagi ozuqabop mahsulotlar agrotexnik talablar asosida ekilmoqda.
Yil boshidan oʻnlab, balki yuzlab tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklarida ertangi kartoshka, pomidor, bodring, piyoz, sabzi, bulgʻor qalampiri, karam, oshqovoq kabi sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgani aholi dasturxonini xaridorgir qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini bermoqda. Shuning barobarida tomorqa va issiqxona ekin yerlarida kech kuzda “toʻqsonbosti” usulida ekilgan mahsulotlar ham saranjomlanmoqda.
Roʻzgʻor barakasining asosi mehnatda ekanligini teran tushungan Robiya Yangiyeva hamda Muharram Toshevalar ham avvalo oʻz xonadonlaridagi imkoniyatdan unumli foydalanib, tomorqani yashnatib, hosil yetishtirish xadisini olishgan. “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻini faollaridan sanalgan bu namunali xonadon bekalari uy xoʻjaliklarida barpo qilgan 12 sotixdan iborat issiqxona yerining har qarichini boʻsh qoldirmasdan, qut-barakaga erishmoqdalar.
Ayni kunda har ikki oila uy xoʻjaligidagi ekin yerida plyonka ostida pomidor va bodring yetishtirilmoqda. Bunda Yangiyevlar va Toshevlar oila aʼzolari, zarur paytda qoʻshimcha kuch sifatida qoʻni-qoʻshnilar yordamiga ham tayanilmoqda. Astoydil qilinayotgan mehnat oilalarga daromad keltirmoqda.
Deylik, mirishkorlar atigi bir sotixli ekin yeridan 300 kilogramdan oshirib pomidor hosili saranjomlashini mulohaza qilinsa, 12 sotix ekin yeri qut-barakasi 3,5 tonnani tashkil etadi. Bundan koʻrinadiki, yetishtirilayotgan sara mahsulot ikki oila roʻzgʻoriga moʻmay daromad kiritadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati